O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi yanvar-mart oylarida tegishli sport tashkilotlari bilan birga Parijda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga 73 mlrd 355 mln 700 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirdi. Bu haqda MOQ ma’lumotlariga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Mazkur mablag‘lar sportchilarning mahalliy hamda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun ishlatilgani qayd etildi.

“Bundan tashqari, yo‘naltirilgan mablag‘ hisobilan Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus inventarlar xarid qilingan. Shuningdek, ularning tibbiy-biologik ta’minoti, nufuzli turnir va chempionatlarda ishtiroki bilan bog‘liq xarajatlar ham davlat tomonidan moliyalashtirib kelinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Parijda bo‘ladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rishni tayinlagandi. Davlat rahbari yakka kurashdan boshqa sport turlaridan ham medallar kutmoqda. “Bu yilgi yutuqlarni Tokiodagi kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Natija tarixda eng yaxshisi bo‘lishi uchun hozirdan chora ko‘rish kerak”, — degandi u.