Eronda prezident Ibrohim Raisiy vafotidan keyin navbatdan tashqari prezidentlik saylovi 28-iyun kuni bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda Tasnim agentligi.

Saylov sanasi bo‘yicha qaror maxsus kengash tomonidan qabul qilingan — uning tarkibiga Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf, mamlakat sud tizimi rahbari G‘ulom Husayn Mohseni-Ejey va birinchi vitse-prezident Muhammad Moxber kiradi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish 30-maydan 3-iyungacha, saylovoldi targ‘ibot ishlari esa 12-iyundan 27-iyunga qadar davom etadi.

Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, Raisiyning vakolatlari vaqtincha Muhammad Moxberga o‘tgan. U Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy tomonidan tasdiqlanganidan keyin 50 kun davomida ijroiya hokimiyatini egallaydi.

Bloomberg`ning yozishicha, Eronning ma’naviy rahbariyati, ehtimol, o‘ta konservativ Raisiy kabi nomzodni prezident sifatida ko‘rishni xohlaydi. Moxberning o‘zi nomzod bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas, deya ta’kidlaydi agentlik.

  • Ichida Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot 19-may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi tog‘li hududga qulab tushgandi. U Ozarbayjon bilan chegaradagi Araks daryosi to‘g‘onining ochilish marosimidan qaytayotgan edi. Unga hamrohlik qilgan delegatsiya, jumladan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan ham vafot etgan.
  • Raisiyning dafn marosimi 23-may kuni u tug‘ilgan shahar Mashhadda bo‘lib o‘tadi. Marhum bilan vidolashuv marosimi 21-may kuni Tabrizda boshlangan. Keyin prezidentning jasadi Qum, Tehron va Birjandga ham yuboriladi. Eronda besh kunlik milliy motam e’lon qilindi.
  • O‘zbekiston delegatsiyasi Tehronda Raisiy bilan vidolashuv marosimida ishtirok etadi. Unga parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchilik qiladi.