19-may, yakshanba kuni bortida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Ozarbayjon chegarasi yaqinida “qattiq qo‘nishni” amalga oshirdi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib Eron ommaviy axborot vositalari, jumladan, IRNA davlat axborot agentligi xabar berdi. Xabar e’lon qilingan vaqtda halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Foto: IRNA.Foto: IRNA.

Qayd etilishicha, baxtsiz hodisa Eron shimoli-g‘arbidagi Sharqiy Ozarbayjon viloyatining Uzi qishlog‘i yaqinidagi tog‘li hududda sodir bo‘lgan. Raisiy Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan Araks daryosidagi to‘g‘onning ochilish marosimida ishtirok etib, chegaradan ortga qaytayotgan bo‘lgan. Vertolyotda mamlakat tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan ham bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligi rahbari Ahmad Vohidiyning IRIB davlat telekanali orqali xabar berishicha, hodisaga ob-havo yomonlashuvi va tuman sabab bo‘lgan.

“Hududga turli qutqaruv guruhlari (40 ga yaqin) jo‘natilmoqda, biroq tuman va noqulay ob-havo tufayli voqea joyiga yetib borish biroz vaqt talab qilishi mumkin. Vaziyat nazorat ostida. Biz ekipaj bilan bog‘landik. Biroq kuchli tuman va relefni inobatga olib, qutqaruv guruhlari voqea joyiga ertaroq yetib boradi va bizga qo‘shimcha ma’lumot beradi, deb umid qilamiz”, — dedi u.

Ibrohim Raisiy. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.Ibrohim Raisiy. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriyning aytishicha, vertolyot qattiq qo‘ngach, prezidentga hamrohlik qilayotgan ikki kishi bir necha bor aloqaga chiqqan.

Shu bilan birga, Eron vitse-prezidenti “bu jiddiy baxtsiz hodisa emasga o‘xshaydi”, deb ta’kidladi.

“Delegatsiya uchta vertolyotda uchdi, biroq prezident bortida bo‘lgan vertolyot va qolgan ikkita vertolyot o‘rtasida aloqa uzilib qoldi. Qolgan ikkita vertolyot yo‘qolgan vertolyotni qidirishga kirishgan. Vertolyot yo‘lovchilaridan biri va uning ekipaji aloqaga chiqdi, bu esa falokat darajasi unchalik jiddiy emasligini ko‘rsatdi. Qizil yarim oy va armiyaning qutqaruv guruhlari, Islom inqilobi soqchilari korpusi zudlik bilan voqea joyiga yuborildi”, — dedi u.

vertolyot, vertolyot halokати, иброҳим раисий, эрон

Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, vertolyot qulagan hududda qorong‘i tushgan, shuningdek, u yerda ham yomg‘ir yog‘moqda, bu esa avtomobillar va odamlarning o‘tishini qiyinlashtirgan loyga sabab bo‘lgan. Vertolyotni qidirish davom etmoqda.

Eronda ko‘plab vertolyotlar bor, lekin xalqaro sanksiyalar ularni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishni qiyinlashtiradi. Mamlakat harbiy-havo kuchlari ham asosan 1979-yilgi Islom inqilobidan oldin shakllangan, deb yozmoqda BBC.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi munosabati

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyotning favqulodda qo‘ndirilishi haqidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qilgani”ni ma’lum qildi.

Vazirlik vertolyot yo‘lovchilari, jumladan, Eronning yuqori martabali rasmiylari taqdiri haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirdi.

“Barcha yo‘lovchilar tez orada sog‘-salomat topilishiga umid qilamiz. O‘zbekiston tomoni zarurat bo‘lishi bilan Eronlik do‘stlarimizga barcha yordam ko‘rsatilishiga to‘liq tayyorligini bildiradi”, — deyiladi xabarda.