2022 yilda 1,2 mlndan ortiq abituriyent o‘qishga hujjat topshirdi

2022 yilda OTMlarga kirish uchun jami 1 mln 214 ming 232 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 67 foizi avvalgi yillar bitiruvchilari hisoblanadi. Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi kunduzgi ta’limni, 8,3 ming nafari esa masofaviy ta’limni tanlagan.

Ayrim banklar xalqaro plastik kartalardan naqd valyuta yechib olishga komissiya o‘rnata boshladi

Xalqaro plastik kartalardan naqd pul yechib olish uchun «Kapitalbank» 0,7 foiz, «Ipak Yo‘li» banki esa 1 foiz miqdorda komissiya o‘rnatdi. Banklar buni naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish bilan izohladi. Iqtisodchi Otabek Bakirov qolgan banklar ham komissiya o‘rnata boshlashi mumkinligini ta’kidladi.

Olti oy ichida onlayn auksion orqali 174 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi

2022 yilning yanvar-iyun oylarida 174 mlrd so‘mlik 77 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi. Tuzilgan bitimlarning o‘rtacha qiymati 2,2 mln so‘mni tashkil etgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga Jonatan Henik nomzodi tasdiqlandi

AQSh Senati Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga Jonatan Henik nomzodini tasdiqladi. Shu vaqtgacha mazkur lavozimda faoliyat yuritgan Deniyel Rozenblyum esa mamlakatning Qozog‘istondagi elchisi bo‘ldi.

Biznes-ombudsman davlat organlari va hokimiyatlarda tekshiruvlar o‘tkazadi

Biznes-ombudsman tadbirkorlarni tekshirish jarayoni qonuniyligi va hujjatlar ijrosi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimiyatlarda ham tekshiruvlar o‘tkazadi. Qolaversa, hududlarda sayyor qabullar tashkil etilib, tadbirkorlar muammolarini joyida hal qilish choralari ko‘riladi.

Yarim yilda 1785 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi

Yarim yilda 1429 ta jinoyat ishi doirasida 1785 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi. Bunda ular yetkazgan moddiy zarar qariyb 700 mlrd so‘mni tashkil etdi. 1210 nafar mansabdor talon-toroj qilish, 158 nafari o‘z mavqeini suiiste’mol qilish, 129 nafari firibgarlik, 74 nafari poraxo‘rlikda ayblangan.

Tadbirkorlar bilan muloqot qilish uchun maxsus portal tashkil etildi

Prezident farmoni bilan «Business.gov.uz» portali «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portaliga aylantirildi. U orqali tadbirkorlarning murojaati 24 soat davomida qabul qilinadi, onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkaziladi, yakuni bo‘yicha esa biznes-ombudsman prezident va hukumatga takliflar kiritadi.

O‘zbekiston va Isroil mehnat migratsiyasi bo‘yicha bitim imzoladi

O‘zbekiston va Isroil hukumatlari o‘rtasida o‘zbekistonlik ishchilarni Isroil mehnat bozorining maxsus sektorlarida vaqtincha ish bilan ta’minlash to‘g‘risida bitim imzolandi.

Prezident topshiriqlarini bajarmagani uchun 5 nafar davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatildi

Shu yilning birinchi yarim yilligida prezident hujjatlari ijrosini ta’minlamagani uchun Moliya, Qurilish hamda Energetika vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa idoralardagi 5 nafar davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatildi, 6 nafariga hayfsan va 1 nafariga jarima jazosi qo‘llanildi.

Prezident anomal issiqda paxta hosilini saqlab qolish uchun «dolzarb 30 kunlik» e’lon qildi

Anomal issiq paxtachilik uchun favqulodda vaziyat, lekin barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, hosilni saqlab qolish zarur, dedi prezident. Shavkat Mirziyoyev barcha hududlarda g‘o‘zani parvarishlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni amalga oshirish uchun «dolzarb 30 kunlik» e’lon qildi.

Xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham budjetdan 2 mln so‘m «dekret» puli to‘lanadi

1 sentabrdan boshlab xususiy sektorda ishlovchi ayollarga ham davlat budjetidan 2 mln so‘m miqdordagi homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab beriladi. Buning uchun Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi. Avvalroq prezident ushbu maqsadlar uchun 170 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qilgandi.

Ikki oyda beshta viloyatdagi AGTKSHlar 41 mlrd so‘mlik gazni noqonuniy ishlatgani aniqlandi

O‘zbekistonning bir qator viloyatlaridagi gaz quyish shoxobchalarida ikki oy davomida 41 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Jizzax viloyatidagi 17 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi gaz o‘lchov tizimlariga tashqi ta’sir etish holatlari kuzatilgan.

Uchta hududda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Poytaxtning Chilonzor tumanida $10 ming evaziga Toshkent tibbiyot akademiyasiga, Sirdaryoda $5 ming evaziga Guliston davlat universitetiga kiritib qo‘yishga uringanlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi. Samarqandda esa soxta hujjatlar asosida Qozog‘istondan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi.

Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatida sel kelish xavfi e’lon qilindi

29 iyuldan 1 avgustga qadar yomg‘irlar yog‘ishi tufayli Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘li va tog‘ oldi hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi kutilmoqda. O‘zgidromet aholi va haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.

Aytjan Xalmaxanov — sport kurashlari bo‘yicha jahon chempioni

Rimda bo‘lib o‘tayotgan yunon-rum kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik atletlar Aytjan Xalmaxanov oltin, Shahzod Ro‘zioxonov kumush, Xurshidbek Normuhammadov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Gruziyaga muhabbat bilan. O‘zbekistonliklarning Gruziyaga sayohat qilishga qiziqishi nega ortmoqda? (1-qism)

O‘zbekiston mediamakonida Gruziyaga qiziqish va sayohat qilish ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biriga aylanmoqda. «Gazeta.uz» ushbu qiziqish nega ortayotganligi, Gruziyaning o‘ziga xos tomonlari va undan nimalarni o‘rganish mumkinligi haqidagi savollarga u yerga sayohat qilganlardan javob oldi.