Yagona maktab formasi hali majburiy bo‘lmaydi — Xalq ta’limi vaziri

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov yangi o‘quv yilidan boshlab maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ma’lum qildi. Mazkur tartib 2025 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Shuningdek, o‘quvchi-qizlar maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘rab kelishlari man etilmagani ta’kidlandi.

Fuqarolar va tadbirkorlar bir qator soliqlarni to‘lashdan ozod qilindi — Soliq kodeksiga o‘zgartishlar

Fuqarolarning xususiy bog‘cha va maktablarga to‘laydigan 3 mln so‘mgacha mablag‘lari soliqdan ozod etiladi, mobil aloqa xizmatlari uchun soliq stavkalari 15 foizdan 10 foizga tushiriladi, tadbirkorlar va baliq yetishtiruvchilarga soliq imtiyozlari beriladi — Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

«Bugundan boshlab men biznesmen emasman» — Komil Allamjonov

Prezident Administratsiyasi rahbarining yangi o‘rinbosari Komil Allamjonov Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi lavozimini tark etishi hamda barcha bizneslarini boshqa egalariga topshirishini ma’lum qildi. «Chunki men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman», — dedi u.

«O‘zbekneftgaz» aksiyalarini xalqaro bozorlarga joylashtirishni kechiktirishi mumkin

Rothschild & Cie kompaniyasi maslahatchilari kapital bozorlarining yuqori o‘zgaruvchanligi sababli «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga IPO`ni chiqarish muddatini keyinroqqa qoldirishni tavsiya qildi.

Yarim yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 72,7 mingta qonun buzilishi aniqlandi

2022 yil birinchi yarmida davlat xizmatlari ko‘rsatilishi sohasida 72,7 mingta qonun buzilish holati aniqlandi. Bunda ayrim davlat idoralari davlat xizmatlarini vaqtida ko‘rsatmay, fuqarolarni sarson qilgan, ularning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirgan. 720 nafar davlat xizmatchisi jarimaga tortildi.

Yanvar-iyun oylarida iste’molchilarga 248 mlrd so‘m keshbek qaytarildi

Soliq qo‘mitasi iyun oyi uchun iste’molchilarga 61,9 mlrd so‘m keshbek to‘lab berdi. Shunday qilib, 2022 yilning olti oyi davomida fuqarolarga qaytarilgan summa 248,6 mlrd so‘mga yetdi.

Farg‘onada qariyb 300 ming dollarning Qirg‘izistonga noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yildi

DXX Farg‘onada ikkita holatda qariyb 300 ming dollarni Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda olib chiqishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yildi.

O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 2,6 mln so‘m bo‘ldi

Statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 2,6 mln so‘mni tashkil etganini ma’lum qildi. Avvalroq qo‘mita (qishloq xo‘jaligi va kichik biznes subyektlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni kiritmay) 2021 yilda yuridik shaxslarning o‘rtacha oylik maoshi 3,2 mln so‘m bo‘lganini qayd etgan edi.

Buyuk Britaniya Alisher Usmonovning ikki jiyaniga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Alisher Usmonovning jiyanlari Buyuk Britaniya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, ular Londonning ikkita elit hududida uylarga ega. Ularning aktivlari muzlatilgan.

29 iyuldan 7 avgustgacha poytaxtdagi ayrim yo‘llar avtomobillar harakati uchun yopiladi

Juma kunidan boshlab 7 avgustga qadar poytaxtda Food Fest-2022 gastronomik festivali o‘tkazilishi munosabati bilan Buyuk Turon ko‘chasi, Mustaqillik shoh ko‘chasi hamda Hyatt Regency mehmonxonasigacha bo‘lgan yo‘llar avtotransport harakati uchun vaqtincha yopiladi.

28−29 iyul kunlari O‘zbekistonning katta qismida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zgidromet rahbari 28−29 iyul kunlari O‘zbekiston hududining aksariyat qismida havo harorati pasayib, qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkinligini ma’lum qildi.

Uy-joyga muhtoj 12 ming xotin-qizlarning 500 nafardan ortiqrog‘iga uy berilgan, xolos — Senat raisi

Tanzila Narbayeva prezident topshirig‘iga ko‘ra bu yil 12 ming xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlanishi kerakligi, biroq ularning 500 nafardan sal ortiqrog‘iga uy berilganini aytdi. U joylardagi mas’ul tuzilmalar topshiriqni bajarish o‘rniga tadbirbozlik qilib yurganini tanqid ostiga oldi.

O‘zbekiston sharqida zilzila sezildi

Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi epitsentri Qirg‘izistonda joylashgan 4,5 magnitudali zilzila O‘zbekiston hududida ham sezilganini ma’lum qildi. Mamlakat sharqida zilzila kuchi 2−3 ballni tashkil etgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Xalqni faqat uning o‘zi, har bir fuqaro o‘zgarishlar yo‘lida harakat qilgan taqdirdagina, qutqarishga qodir» — «Qo‘rqinchli Tehron»

Mushfiq Kozimiyning «Qo‘rqinchli Tehron» asari nafs, ilmsizlik, o‘z haq-huquqini bilmaslik, fikrsizlik ortidan tanazzulga yuz tutgan jamiyat tarixi va taqdiridan so‘zlaydi. Asar, ayniqsa, jamiyatda ayollarga nisbatan munosabat masalalari qalamga olinganligi nuqtai nazaridan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan.

«Boshlang, siz efirdasiz!» «O‘zbekiston» telekanalining ilk xodimlari televideniyeni qanday eslashadi

Zamonaviy televideniye dunyo yuzini ko‘rgan kunda «Gazeta.uz» mamlakatning ilk «O‘zbekiston» telekanali xodimlari xotiralarini chop etmoqda. Ular ustozlari, sevimli dasturlari va O‘zMTRK tashkil etilgan yillarda u yerda hukm surgan muhit haqida hikoya qiladilar.