Toshkent hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab «shahar ramzi» — tramvay harakatini qayta tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tbilisi meriyasi matbuot xizmati Toshkent hokimining bayonotiga asoslanib xabar berdi.

Gruziya poytaxti meri Kaxa Kaladze Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili tashrifi doirasida ayni damda Toshkentda bo‘lib turibdi.

19 iyul kuni tushdan keyin O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov, Irakliy Garibashvili, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Kaxa Kaladze buyuk gruzin shoiri Shota Rustavelli haykali poyiga gul qo‘yishdi. Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish doirasida yaqinda yodgorlik joylashgan shu nomdagi istirohat bog‘i ham ta’mirlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida tramvayni xavfsiz, ekologik toza transport deb atab, uni Toshkentga qaytarish qarorini «adolatli» deya baholagan edi.