Toshkentning asosiy ko‘chalarida chuqurliklarni bartaraf etish ishlari boshlandi. Qaysi ko‘chalar asosiy hisoblanadi?

Toshkent hokimi 10 kun ichida poytaxtning asosiy ko‘chalaridagi barcha chuqurlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan topshiriq berdi. Shaharda jami 76 ta shunday ko‘cha bor — ta’mirlash jarayonida ustuvorlik dastavval aynan shu ko‘chalarga beriladi. Raqamli rivojlanish departamentining ma’lum qilishicha, «Xalq nazorati» portaliga ariza topshirish orqali ta’mirlash ishlarini tezlashtirishga yordam berish mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi may oyida bo‘lishi kutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga javob tashrifi may oyi oxirlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Bishkek shahriga kelganini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida savdo-logistika markazi quriladi

Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamg‘armaning ustav kapitali 50 mln dollarni tashkil etadi. Kelgusida bu summani 200 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida logistika markazini qurish loyihasi faol bosqichda ekani ham ma’lum qilindi.

1 mln nafarga yaqin xotin-qizning muammolari hal etildi — Tanzila Narbayeva

Senat raisi Tanzila Narbayeva 2018−2021 yillarda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 1 mln nafarga yaqin xotin-qizlarning muammolari hal etilganini ma’lum qildi. Jumladan, xotin-qizlarning 2730 nafari uy-joy, 590 mingga yaqini esa doimiy ish bilan ta’minlangan. So‘nggi 3 yilda 208,5 ming ayolga 7,7 trln so‘mdan ortiq kredit ham berilgan.

Dilshod Kenjayev prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

2021 yildan beri prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘lib ishlagan Dilshod Kenjayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rnini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodirjon Xalbutayev egalladi.

«Saylov kodeksiga zidligini bilamiz». Navoiyda hokim o‘rinbosari deputatlik qilayotganiga izoh berildi

Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Tohir O‘rinov hamda Navoiy viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Maqsud Nurullayev bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida deputatlik qiladi. Ularning deputatlikdan ketish bo‘yicha arizasi olingan bo‘lsa-da, hanuz kengashga a’zoligicha qolmoqda. Buni «saylov kodeksiga zidligini bilamiz», deya izohladi hokimiyat matbuot xizmati rahbari Bektemir Pirnafasov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu holat faqat Navoiy viloyatida emas, balki har bitta viloyatda kamida 2−3 tadan bor».

Suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha dastur qabul qilinadi — prezident

Bir hafta ichida O‘zbekistonda suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. 1 oktabrga qadar 4,5 ming km sug‘orish tarmoqlarini tozalash va 231 kmni betonlash, 3 mingta gidrotexnik inshoot va 490 km nasos quvurlarini ta’mirlash, 3,5 mingta nasos o‘rnatish, 281 ta quduq qazish reja qilingan. Prezident buning uchun 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.

Surxondaryoda 43 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi

Angor tumanidagi 6-sonli bolalar bog‘chasi hududida 43 tup jumladan, mojjevelnik va tuya daraxtlari tag qismidan noqonuniy tarzda kesib tashlanganligi aniqlandi. Davlat ekologik nazorat inspektorlari holatni o‘rganmoqda.

1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar soddalashtiriladi

Prezident 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar tizimi soddalashtirilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlarga QQS to‘lovchisi guvohnomasi avtomatik tarzda beriladi. Qolaversa, 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Sitorai Mohi Xossa saroyining bir qismi noto‘g‘ri restavratsiya sababli tarixiy qiymatini yo‘qotdi

Buxoro amirining Sitorai Mohi Xossa yozgi saroyida noto‘g‘ri restavratsiya ishlari olib borilishi natijasida majmuaning bir qismi tarixiy va badiiy qiymatini yo‘qotdi. Madaniy meros agentligi o‘rganish ishlarini Bosh prokuraturaga yubordi.

O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ro‘yxatga olindi

Adliya vazirligi O‘zbekiston futbol hakamlari markazini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Markaz mamlakat hududida futbol musobaqalarini boshqaruvchi hakamlar faoliyatini nazorat qilish va ularni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

YHQga yana qanday o‘zgartishlar kiritildi?

Yuk mashinalari faqat chetki o‘ng qatorda harakatlanishi mumkin, piyodalar o‘tish joylariga 10 metrdan kam masofada to‘xtash taqiqlanadi, velosipedchilar tungi vaqtda nur qaytaruvchi jilet kiyishlari kerak — YHQga yana qanday o‘zgartirishlar kiritilgan.

5 yil ichida Qoraqalpog‘istonda YAIM 1,5 baravarga o‘sishi kerak

Hukumat Qoraqalpog‘istonni 2026 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini tasdiqlandi. Hujjatda hududni rivojlantirishning «o‘sish nuqta» lari va drayver sohalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra 5 yil ichida yalpi ichki mahsulot va sanoat ishlab chiqarishini 1,5 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Dam olish kunlari issiq bo‘ladi

Dam olish kunlari havo harorati kun davomida +35 darajagacha ko‘tariladi, bu aprel oyining o‘rtalaridagi me’yordan 6−8 darajaga yuqori. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat shimoliy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Toshkentning qayerida maysazorda dam olish mumkin? — qo‘llanma

Toshkentda chim ustida yurish va maysalar ustida dam olishga haligacha sovetcha ruhda javob beriladi: «Mumkin emas». Lekin baribir shaharda bunga ruxsat berilgan joylar paydo bo‘lmoqda. «Gazeta.uz» maysa ustida dam olish mumkin bo‘lgan joylarni qidirib, poytaxtni aylanib chiqdi. Biz o‘zimiz bilan mashhur arxitektor Kristofer Aleksandrning «Shablonlar tili» kitobini ham oldik — undagi g‘oyalar rasmiylar odamlarga maysazorda dam olishni nima uchun taqiqlamasligi kerakligini tushunishga yordam beradi.