Juma kuni prezident tibbiyot xodimlari bilan muloqot qiladi

18 mart kuni Shavkat Mirziyoyev 10 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Ochiq muloqotga ulardan 25 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushgan.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti va saylangan prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Muloqotda, jumladan, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi binosi qurilishida 22 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ samarasiz sarflangani aniqlandi

Hisob palatasi Toshkent tibbiyot akademiyasi binosi qurilishida 22,4 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflanganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, 9 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi 16,7 mlrd so‘mlik maoshga soxta «vedomost» larni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi bo‘yicha 2,8 trln so‘mlik muammoli kreditlar ajratilgan

Hisob palatasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan 2,8 trln so‘mlik kreditlar muammoli holatda ekanini ma’lum qildi. Jumladan, Navoiy viloyatida mazkur dastur bo‘yicha o‘zaro aloqador uch fuqaroga 51 ta kredit shartnomasi bilan ajratilgan 867 mln so‘m kreditlar maqsadsiz ishlatilgan.

Buxoroda yog‘ingarchilik tufayli qulab tushgan qal’a devorini ta’mirlashga 1 mlrd so‘m ajratildi

Buxorodagi XVI asrga oid «Talipoch qal’a darvozasi» devorini ta’mirlash uchun Turizm va ma’daniy meros vazirligi tomonidan 1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Devorning bir qismi tinimsiz yomg‘ir yog‘ishi tufayli qulab tushgan edi.

2021 yilda O‘zbekistonda 5 mln so‘mdan ziyod maosh oluvchilar soni 209 ming nafarga ko‘paydi

2021 yilda 2 mln so‘mgacha oylik oladigan soni kamayib, 2−4, 4−5 va 5 mln so‘mdan ziyod maosh oladiganlar soni ortdi. Xususan, 5 mln so‘mdan ortiq ish haqi oluvchilar soni bir yil avvalgiga nisbatan 209 ming kishiga ko‘payib, 513,2 ming nafarga yetgan.

«Qanday qilib qo‘rqmadi ekan?» Jamoatchilik vakillari — «Pervыy kanal» muharriri jonli efirda urushni to‘xtatishni so‘ragani haqida

Rossiyaning «Pervыy kanal» telekanali muharriri Marina Ovsyannikova «Vremya» dasturi jonli efiri vaqtida Ukrainadagi urushni to‘xtatish va propagandaga ishonmaslikni so‘rab chiqdi. Mazkur holatga o‘zbek jamoatchiligi vakillari ham munosabat bildirdi. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev «qo‘rquvni qanday qilib yengdi ekan?» deya savol bilan yuzlangan bo‘lsa, Davletovuz «haqiqat uchun kurashuvchi hamma joyda topiladi», deya ta’kidladi.

Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar soni 5884 nafarga yetdi

15 mart kuni Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 250 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi. Jami 26 ta aviareysda 5884 fuqaro evakuatsiya qilindi.

Ukrainadan qaytgan talabalarning o‘qishini soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlandi

15 martdan Ukrainadan qaytgan talabalar o‘qishini soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlandi. Hujjatlar hududiy ishchi guruhlar tomonidan qabul qilinmoqda.

O‘zbekistonning 9 viloyatida sel kelish xavfi e’lon qilindi

O‘zgidromet 16−19 mart kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli O‘zbekistonning 9 viloyatida sel kelish xavfi haqida ma’lum qildi.

Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabi tashkil etiladi

Prezident qarori bilan Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabi tashkil etiladi. Gimnastika maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat budjetidan jami 25 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Markaziy Osiyo prezidentlari lavozimga saylangan vaqtda necha yoshda bo‘lgan?

Turkmaniston prezidenti etib saylangan 40 yoshli Serdar Berdimuhammedov Markaziy Osiyo tarixidagi eng yosh prezidentga aylandi. Shu paytgacha ushbu rekord 42 yoshida Tojikiston prezidenti bo‘lgan Emomali Rahmonga tegishli edi. «Gazeta.uz» Markaziy Osiyo prezidentlari lavozimga saylangan vaqtda necha yoshda bo‘lgani va necha yil davomida rahbarlik qilgani haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi.