Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xonning taklifiga binoan 3 mart kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

2021 yil iyulda Toshkentda ikki mamlakat o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tgan va munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan edi.

«Bu galgi tashrifda ushbu strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish choralari muhokama qilinadi. Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy maslalalar yuzasidan ham fikr almashiladi», — deyiladi xabarda.

Muzokaralar natijasi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya va qator hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oliy darajadagi tashrif oldidan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Pokiston bosh vazirining Savdo va sarmoya bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razoq Dovud uchrashgandi.

O‘shanda Sardor Umurzoqov keyingi oydan boshlab Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi. Abdul Razoq Dovudning so‘zlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi.