Shavkat Mirziyoyev Pokistonga tashrif buyurdi

Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Pokistonga tashrif buyurdi. U yerda Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalari yuzasidan fikr almashiladi. Qolaversa, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy maslalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari yangi tahdid va xavflarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashdi

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot chog‘ida geosiyosiy vaziyatning hozirgi keskinlashuvi sharoitida savdo-iqtisodiy aloqalar holatini atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, prezidentlar yangi tahdid va xavflarni bartaraf etish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.

Sportni rivojlantirish vaziriga uch nafar o‘rinbosar tayinlandi

Prezident qarori bilan Abdullo Aslonov, Shaxrillo Maxmudov va Murad Ismailov sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

Jami 1859 nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukrainadan evakuatsiya qilindi — TIV

Umumiy hisobda 1859 nafar O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi. Yana 1100 o‘zbekistonlik Polsha hududida qolmoqda.

Moldovaga o‘tgan o‘zbekistonliklar keyinroq qaytariladi — TIV

TIV rasmiy vakili Ukrainadan Moldovaga o‘tgan 200ga yaqin o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Hozirda Polsha orqali evakuatsiya qilish ustuvor ekanligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston 2050 yilda tabiiy gaz, ko‘mir va neftdan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan voz kechadi — Energetika vazirligi

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekiston 2050 yilga borib tabiiy gaz, ko‘mir, neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan to‘liq voz kechishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy energetika manbalaridan to‘liq voz kechilib, quyosh va shamol energetikasiga o‘tiladi. 2030 yilgacha 5000 MVtli shamol va 7000 MVtli quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish reja qilingan.

Hafta oxirida chang to‘zoni kuzatilishi mumkin

Hafta yakunida O‘zbekistonga Turkmanistondan iliq havo, so‘ngra Kavkaz hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. 4−5 mart kunlari shamol tezligi 25−30 m/s gacha kuchayishi va chang to‘zoni kuzatilishi mumkin. Yakshanba kuni esa yomg‘ir yog‘adi.

Chinozda fuqaro «moliyaviy piramida» tashkil qilganlikda gumonlanib ushlandi

DXX Chinoz tumanida «moliyaviy piramida» tashkil qilganlikda gumonlab, bir nafar fuqaroni hibsga oldi. U jami 12 kishidan 94 ming AQSh dollari, 394 mln so‘mlik 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva molini olganligi aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Traverse va Tahoe mashinalarini sotishni boshladi

3 martdan boshlab Uzauto Motors Chevrolet Traverse va Tahoe avtomobillarining yangi modellarini xarid qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshladi. Traverse narxlari 469,2 mln so‘mdan boshlansa, Tahoe narxlari 597,6 mln so‘mdan boshlanadi.

Fermerlarga suv tejovchi texnologiya joriy etgan har bir gektar yeri uchun subsidiya beriladi

Prezident qarori bilan qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga subsidiya beriladi. Bunda paxta maydonlari uchun 8 mln so‘m — Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 12 mln so‘m, sabzavot va poliz ekinlari uchun 1,5 mln so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha, mevali ekinlar uchun 6 mln so‘m, uzum maydonlari uchun esa 8 mln so‘mdan ajratiladi. Buning uchun respublika budjetidan joriy yilda 1 trln 182,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.