Toshkentning Yunusobod tumanidagi «Turkiston» metro bekati ustidagi ko‘chaning bir qismi foydalanishga topshirilganidan olti oy o‘tib cho‘kdi va haligacha vayrona holatida qolmoqda. «Gazeta.uz» vaziyatni o‘rganishga harakat qildi.

Cho‘kish sodir bo‘lgan uchastka, 2022 yil 2 fevral.

Tantanali ochilish

2020 yilning 29 avgust kuni Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida ikkita yangi — «Yunusobod» va «Turkiston» bekatlari foydalanishga topshirildi. Ularning qurilishi 2016 yilda boshlangan, yo‘nalishni uzaytirish 103,8 mln dollarga tushgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yangi bekatlarning ochilishida ishtirok etgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev: «Bu yo‘lni qurish oson bo‘lgani yo‘q. Mablag‘ topib, chet eldan mutaxassislar olib kelib, loyihani sinchiklab ko‘rib chiqdik. Ikki yil davomida qurilish bo‘ldi. Eng muhimi, bu transport arzon, xavfsiz, qulay», — degan edi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, yo‘lning 850 metr qismi yerosti suv ko‘p joyga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun ilgari buni amalga oshirish imkoni bo‘lmagan. Yangi loyihada Germaniya texnologiyasi qo‘llanilib, suvli joydan temir-beton tyubing qo‘yish orqali o‘tilgan.

Ko‘chalarning tendersiz rekonstruksiya qilinishi

Ko‘chaning asfalt cho‘kishi sodir bo‘lgan qismi. Taqdimotdan so‘ng ko‘cha rekonstruksiya qilingan. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yangi bekatlar qurilishi bilan bir vaqtda Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan Halqa yo‘ligacha bo‘lgan 2,2 km qismi ham rekonstruksiya qilindi. «Turkiston» bekati ustidagi mazkur ko‘chaning bir qismi ishga tushirilganidan olti oy o‘tib, 2021 yilning mart oyidayoq cho‘ka boshlagan.

Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha buyurtmachisi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 martdagi 162−7-sonli yopiq qarori bilan Transyo`lqurilish-Jizzax kompaniyasi pudratchi sifatida tendersiz tanlangan.

Loyiha Allegro Develop Plast loyiha instituti (keyinchalik nomi Allegro Develop Project etib o‘zgartirildi) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu muassasa velosiped yo‘laklari, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, Sergeli tumaniga olib boruvchi yangi avtoyo‘l va boshqa loyihalarni ham ishlab chiqqan.

Loyiha hujjatlariga ko‘ra, Allegro Develop Plast kompaniyasi qurilish maydonchasining muhandislik-geologik tadqiqotlari natijalari bo‘yicha (uchastka sharoitini o‘rganish, jumladan, rel’ef, tuproqning geologik tuzilishi, gidrogeologik sharoit, tuproq sharoiti va boshqalar) ham xulosalarini bergan.

Buyurtmachi va Transyo`lqurilish-Jizzax o‘rtasidagi bitim 2020 yil 22 aprelda imzolangan. Ishlarning dastlabki qiymati 61,2 mlrd so‘mga baholangan, biroq keyinroq 2020 yil 24 dekabrdagi qo‘shimcha kelishuv bilan bu ko‘rsatkich 81,18 mlrd so‘mga qadar oshirilgan.

Loyihani amalga oshirish Toshkentning mahalliy budjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

Transyo`lqurilish-Jizzax va Allegro Develop Plast kompaniyalari haqida

Transyo`lqurilish-Jizzax kompaniyasi 2018 yil 31 may kuni Toshkentda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — yo‘l va shosselar qurish. Ta’sischi sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi Transyo`lqurilish DUK, rahbar sifatida esa Rabimqul Islomov ko‘rsatilgan.

Allegro Develop Plast (Allegro Develop Project) 2015 yil 20 yanvar kuni Toshkentda ro‘yxatga olingan. Yo‘l qurilishi loyihalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Ta’sischi sifatida Jo‘raxo‘jayev Jasurxo‘ja Bahodirxo‘ja o‘g‘li ko‘rsatilgan.

Loyiha instituti Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasiga tegishli savdo belgisiga egalik qiladigan Durable Group (Durable Beton, Grand Road Tashkent, City Net IT Engineering, Sonstant Chemicals) xoldingi tarkibiga kiradi.

O‘tgan yilning avgust oyi oxirlarida Allegro Develop Plast Jahongir Ortiqxo‘jayevni «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvoni bilan taqdirlanishi munosabati bilan tabriklab, uni «hurmatli ustoz» deb atagan edi.

Ko‘chalarning cho‘kishi

O‘quvchilardan «Turkiston» metrosi ustidagi ko‘chada cho‘kishlar sodir bo‘lgani haqida xabar olgan «Gazeta.uz» ushbu joyga borishga qaror qildi. Tahririyat muxbiri 2 fevral kuni yo‘l qoplamasining bir qismi haqiqatdan ham cho‘kkanini tasdiqladi.

Yo‘lning buzilgan qismi atrofi metell to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yilgan va transportlarning bu hududdan aylanib o‘tishlari tashkil etilgan.

Svetofor va trotuar ostidagi tuproqning ham cho‘kishi, hosil bo‘lgan o‘ra ichidagi qoldiqlar, deyarli o‘chib ketgan yo‘l chiziqlarini ham ko‘rish mumkin.

Shu bilan bir qatorda, svetoforlar ishlashda davom etmoqda.

Uchastka yaqinida loyihaning eski pasportini ko‘rish mumkin.

To‘siqlar tufayli piyodalar yo‘lning harakat qismidan yurishga majbur.

Transyo`lqurilish-Jizzax «Gazeta.uz»ga yo‘l 2021 yil mart oyidayoq cho‘kishni boshlaganini ma’lum qildi.

«Davlat xavfsizlik xizmati (DXX — tahr.) bir yil davomida to‘rtta mustaqil laboratoriya bilan tekshiruvlar o‘tkazdi. Aybdorlar aniqlandi, [dekabrdan] Transport prokuraturasi tergov olib bormoqda», — deya ma’lum qilindi kompaniyadan.

Pudratchi vakili kompaniya faqatgina yo‘l qoplamasini yotqizish bilan shug‘ullanganini ma’lum qildi.

«Yo‘lning ostida asos bo‘lmasa, u bardosh bera olmaydi… Metro ochiq usulda qazilgan, [yangi bekatlar] ishga tushirilgandan so‘ng ochiq qismi tuproq bilan ko‘milgan, shibbalash (trambovka — tarj) ishlari qilinmagan. Hozir shibbalanmagan tuproq asta-sekinlik bilan zichlashib, pasaymoqda. Asos yo‘q edi», — deya qayd etdi Transyo`lqurilish-Jizzax vakili.

Kompaniyadan qayd etilishicha, yo‘lning asos qismi bilan yangi metro bekatlari qurilishi bilan shug‘ullanuvchi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati qoshidagi «Ko‘prikqurilish» tresti korxonasi shug‘ullangan. Xususan, «Ko‘prikqurilish» trestiga qarashli 67-sonli ko‘prik qurish otryadi mansabdor shaxslari va obyektni qabul qilgan buyurtmachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya ma’lum qilindi Transyo`lqurilish-Jizzax tomonidan.

Pudratchi tuproq cho‘kib ketganidan so‘ng, ta’mirlash ishlarini olib borishga urinib, 1 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ sarflagan, biroq buyurtmachi tomonidan xizmat haqini to‘lamagani uchun ishni to‘xtatgan.

«Kim aybdor bo‘lsa, ta’mirlash ishlarini o‘sha o‘z hisobidan amalga oshiradi. Agar shartnoma tuzib, maosh olsak, yuqori qismini qilishimiz mumkin, lekin asos qismini metro qurganlar amalga oshirishi kerak», — dedi Transyo`lqurilish-Jizzax vakili.

«Gazeta.uz» izoh olish uchun Toshkent hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning idorasi bilan bog‘landi, biroq u yerda loyiha uchun «Yagona buyurtmachi xizmati» javob berishi aytildi.

Jinoyat ishi

«Gazeta.uz» jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmatiga so‘rov yubordi. Idoradan ma’lum qilinishicha, 2021 yilning 14 dekabr kuni Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» DUK mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmokda.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, direksiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda qurilish ishlarini texnik nazorat ishlari talab darajasida olib bormagan, yo‘l qurilish ishlari bo‘yicha buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilmagani oqibatida Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab qayta ta’mirlangan avtomobil yo‘llarida cho‘kishlar yuzaga kelgan.

Qayd etish joizki, rekonstruksiya qilingan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida ham tuproq cho‘kishi kuzatilgan, so‘ngra ko‘chada ta’mirlash ishlari olib borilgan edi.