Toshkent «Tolibon» harakati tomonidan tuzilgan Afg‘onistonning muvaqqat hukumatini tan olish uchun hozircha imkoniyat ko‘rmayapti. Bu haqda chorshanba kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «afg‘on siyosiy maydonida muhim rol o‘ynaydigan» xalqaro hamjamiyatning asosiy ishtirokchilari bilan birgalikda bu masala bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlar amalga oshiriladi.

«Qaysidir bir davlatning yaqin sheriklari bilan o‘zaro kelishuvsiz bunday qarorni qabul qiladi, deb o‘ylamayman. Xususan, hozircha men yangi hukumatni tan olishning sabab va imkoniyatlarini ko‘rmayapman. O‘ylaymanki, bu o‘zaro hamjihatlikda, xalqaro hamjamiyatning asosiy ishtirokchilari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi», — dedi u Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning «Moskva formati» uchinchi uchrashuvi maydonchasida Sputnik`ka bergan intervyusida.

O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili hokimiyatni tan olish shartlari allaqachon tilga olinganini eslatib o‘tdi.

«Bu toliblarning AQSh bilan tuzilgan shartnoma (Doha kelishuvi — tahr.) doirasida zimmalariga olgan majburiyatlari hamda hukumatga kelishlari chog‘ida bergan Afg‘onistonning barcha ichki siyosiy kuchlarini jalb qilgan holda keng miqyosli hukumat tuzish bo‘yicha va’dalarining bajarilishidir. Bu, ehtimol, inson va ayollarning asosiy huquqlarini ta’minlashdir. Bu, albatta, Afg‘oniston hududini xalqaro terrorchilik tashkilotlarining o‘ziga xos markaziga aylantirish imkoniyatini istisno qilishdir», — dedi u.

Ismatulla Irgashev «Moskva formati»dagi uchrashuv kun tartibi haqida gapirar ekan, mamlakat qish arafasida gumanitar inqiroz yoqasida turgan paytda afg‘on xalqiga yordam berish muhim masalaga aylanadi, dedi.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulda Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi. 16 oktabr kuni esa Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salam Hanafiy boshchiligidagi afg‘on delegatsiyasi Termizga tashrif buyurdi. Tomonlar hamkorlikning bir necha yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar tuzdilar. 10 kun ichida «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va uni ikki davlat rahbarlariga taqdim etish rejalashtirilgan.

11 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev har kuni unga Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat haqida ma’lumot berishlarini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston jafokash afg‘on xalqiga qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor. «Bizning yagona maqsadimiz — O‘zbekistonga Afg‘onistondan o‘q otilmasin», — deya ta’kidladi prezident.