Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahon sportida qator ahamiyatli voqealar sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi.

15 iyundan 16 iyunga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati-2022 saralashi 2-bosqichi doirasida oltinchi o‘yinini Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Ushbu o‘yinda O‘zbekiston 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdagi gollarga Salman Alfaraj va Ali Alhassan mualliflik qilishdi. 25, 33 va 52-daqiqada urilgan gollar saudiyaliklarga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi 3-saralash bosqichiga o‘tolmadi va Jahon chempionatidan quruq qoldi.

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni uchrashuvidan keyin o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Futbolchilarni psixologik tushkunlik holatidan chiqara olmaganim mening xatoyim”, — deydi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov. U muxlislarning ishonchini oqlolmagani uchun uzr so‘radi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, Toshkentda har yili “Alpomish va Barchinoy”, Samarqandda — “To‘maris kubogi” musobaqalari, Buxoro, Qo‘qon, Samarqand va Xivada — “Turizm va kamondan o‘q otish haftaligi” o‘tkaziladi.

17 iyun kuni Ispaniyalik tennischi Rafael Nadal Uimbldon va Tokio Olimpiadasida ishtirok etishdan voz kechdi. Bu haqda sportchi Twitter sahifasida ma’lum qildi.

“Barchalarga salom, men bu yilgi “Uimbldon"dagi chempionat va Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashmaslikka qaror qildim. Bu hech qanday osonlikcha qaror qabul qilish emas. Lekin tanamni tinglab, jamoam bilan maslahatlashganimdan so‘ng, bu to‘g‘ri qaror ekanligini tushundim”,-deydi 35 yoshli tennischi o‘z Twitter sahifasida.

15−17 iyun kunlari Livan poytaxti Beyrut shahrida taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik taekvondochilar Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza jami 10 ta medalni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatishdi. Bunga qadar O‘zbekiston tarixida hech qachon bitta Osiyo chempionatida 10 ta medal qo‘lga kiritilmagan edi.

18 iyun kuni “Paxtakor” futbol klubi asosiy tarkibidagi futbolchilar, asosiy jamoa murabbiylar shtabi va klub rahbariyatining yillik maosh va daromadlari aks ettirilgan ma’lumotni taqdim etdi. Klub bosh murabbiyi yiliga 350 ming yevro ishlab topsa, futbolchilar ichida eng ko‘p daromadni shveysariyalik legioner Eren Derdiyok topadi — yiliga 1 mln 300 ming yevro.


19 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘FAning navbatdan tashqari hisobot kongressi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Vadim Abramov iste’foga chiqarildi. Jamoa sardori Odil Ahmedov esa terma jamoadagi faoliyatini yakunalaganini e’lon qildi. “Asosiy muammolarimizdan biri bolalar futbolini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganmiz. Fundament bo‘lmaganidan keyin natija ham bo‘lmaydi”, — dedi u.

O‘FA kongressida O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqa olmagani sabablari мuҳокамақилинди. O‘FA rahbariyati terma jamoa mag‘lubiyatini alohida ko‘rib chiqib, hisobot berishini ma’lum qildi.

20 iyun kuni o‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev AQShda faoliyatidagi navbatdagi jangini Gabriel Rosadoga qarshi o‘tkazdi. Mazkur jangda Rosado Meliqo‘ziyevni nokautga uchratdi.