Prezident Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 175 ta uy-joylar massivining (1 mingta ko‘p qavatli uy) bor-yo‘g‘i 36 tasi bo‘yicha pudratchilar aniqlangan.

Bunda, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Xorazmda ob’ektlar qurilish reytingi bo‘yicha mos kelmaydigan quruvchi tashkilotlariga berilgan.

«Tenderda reytingda (Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingi portali — tahr.) yo‘q qurilish kompaniyalariga loyihalarni beryapsizlar… Tadbirkor tadbirkorligi, quruvchi qurilishi bilan shug‘ullansin. Prezident topshiriq berayapti, reytingi yo‘q qurilish tashkilotlariga biror loyiha berilmaydi. Ko‘rdik Jizzaxdagi voqealarni… tadbirkor qurilish qilsa nima bo‘lishini ham…», — dedi prezident.

Davlat rahbari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va qurilish vaziri Botir Zokirovga viloyat hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda 139 ta turar-joy massivlari bo‘yicha tenderlarni yakunlab, qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu yilning yanvar oyidan buyon qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingi portali — reyting.mc.uz ishga tushirilgan edi. O‘shanda tender savdolari aynan mazkur reyting natijalariga ko‘ra o‘tkazilishi va savdolarda yuqori o‘rinda turuvchi tashkilotlar ustunlikka ega bo‘lishi aytilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Jizzax viloyati hokimiyatining «Yagona buyurtmachi xizmati»dan qariyb 292,1 mlrd so‘mlik yirik davlat buyurtmalarini Qurilish Ta’minoti, J-Quruvchi i Abduvohid Qurilish Ta’mir kompaniyalar qo‘lga kiritgani haqida yozgan edi. Ushbu kompaniyalar ta’sischilari viloyat hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulovga aloqador bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, 10 yanvar kuni kechga yaqin Jizzaxda 6 qavatli bino, 1−2 qavatlari savdo dokonlari, 3−6 qavatlari esa kvartiralarga mo‘ljallangan ob’ekt ham qulab tushgan edi. Hodisa yuzasidan viloyat prokuraturasi Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov mazkur ob’ekt qurilishini «to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema», deb atadi.

15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari siyosatimizga xiyonat qildi», deya ta’kidlagan edi. Davlat rahbari hokim o‘rinbosarida «9 ta bunaqa uyi bor» deya aytgan edi. Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga vaziyatni nazoratga olish va mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq ham berilgandi.

22 yanvarga kelib, Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov, tender komissiyasi mansabdorlari va qurilish kompaniyalari rahbarlariga nisbatan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi va 1-qismi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» noyabrda Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkamlashtirish bo‘yicha 1,9 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini My Flower MCHJ yutgani haqida yozgan edi. Mazkur kompaniya viloyat hokimining Ergash Soliyevning qizi — Soliyeva Nargiza Ergashevnaga (50,80% ulushi) tegishli.