30 aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Adliya vazirligining «Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yana bir qadam» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar prezidentning 3 martdagi NNTlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, 2021−2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezidentning 4 martdagi farmoni ahamiyatini muhokama qilishdi.

Darhaqiqat, so‘nggi to‘rt yil ichida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining mustaqilligi va faoliyat erkinligini ta’minlash, ularning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘rildi.

Biroq, ushbu choralar muhim sifatli o‘zgarishlarni ta’minladimi? Yoki NNTlarning mustaqilligi va faoliyat erkinligi, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish masalalaridagi o‘zgarishlar yuzaki xususiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan fuqarolik jamiyatini tartibga solish tizimiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qoladimi?

Keling, NNTlar uchun qanday shart-sharoitlar yaratilganligi, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga intilayotgan tashabbuskor guruhlarga qanday yordam berish kerakligi hamda mustaqil NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyat olib borishi uchun qanday to‘siqlar mavjudligiga aniqlik kiritishga harakat qilib ko‘raylik. Bu savollarga ob’ektiv javoblar NNTga nisbatan davlat siyosati natijasiga baho berishga yordam berardi.

Qayerga joylashish kerak: «NNT uylari» va kovorking markazlari

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi o‘rinbosari Sherzod Saparovning so‘zlariga ko‘ra, NNTlar uchun ofis yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun Navoiy, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida «NNT uylari» faoliyat yuritmoqda. Yaqinda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida shunday uylarning ochilishi kutilmoqda. 2021 yil oxiriga qadar va 2022 yilda bunday uylarning qolgan viloyatlarda, shu jumladan Toshkent shahrida ham ochilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Navoiy, Xorazm, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi «NNT uylari» negizida tashkil etilgan kovorking markazlari ham ish boshladi. NNTlarning kovorking markazlarini yaratish prezidentning mart oyida qabul qilgan qarorida ham ko‘zda tutilgan va ularning boshqa viloyatlarda ochilishi 2021−2022 yillarda rejalashtirilgan. Shunga qaramay, NNTlar faoliyatini amalga oshirish uchun moddiy-texnik bazani yaxshilash va ofis uchun joy yetishmasligi muammosi hali ham dolzarb bo‘lib turibdi.

Prezidentning yaqinda qabul qilgan qaroriga binoan, «ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda» faoliyat yuritayotgan NNTlarni «NNT uylari»da joylashtirish O‘zbekiston NNTlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) tavsiyasiga binoan amalga oshiriladi. 3 martdan boshlab bir oy ichida O‘zNNTMA keng jamoatchilik takliflari asosida bunday tavsiyalar berish tartibini ishlab chiqishi kerak edi. Biroq, prezident farmoni qabul qilinganiga ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tdi, ammo O‘zNNTMA hali bu tartibni keng jamoatchilikka taqdim etmadi.

Muammo shunda bo‘lishi mumkinki, tizim hosil qiluvchi NNT (yoki GONGO — Davlat tomonidan tashkil etilgan nodavlat tashkilot)lar «NNT uylari»da ofis olish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishlari mumkin.

«NNT uylari»ga binolarni taqsimlashda aynan ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda ishlaydigan faol va tashabbuskor NNTlar muhim ahamiyatga ega, chunki ular ko‘pincha hech qanday davlat ko‘magisiz «ko‘chada» qolib ketishadi. Ammo tizim hosil qiluvchi NNTlar uzoq vaqtdan buyon hukumat ko‘magidan foydalanib kelishmoqda.

Moliyalashtirishga qanday erishish mumkin: xalqaro grantlarni ishlatish uchun hamon kelishish kerak

Matbuot anjumanida Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Avazbek Madaminovning ta’kidlashicha, tahlillarga ko‘ra, 12 foizga yaqin milliy NNTlar xalqaro grantlar bilan ishlashda kadrlar yetishmasligi, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarning yetishmasligi va boshqa sabablar bilan o‘z faoliyatini samarali amalga oshira olmayapti.

Joriy yilning 1 martidan boshlab NNTlar xorijiy manbalardan pul mablag‘lari va mol-mulk qabul qilishlari va 2021 yil 30 aprel holatiga ko‘ra, agar bir taqvim yilida qabul qilingan pul miqdori 100 BHM (24 500 000 so‘mdan yoki valyuta kursi bo‘yicha taxminan 2 331 AQSH dollaridan)dan oshmasa, adliya organlari bilan kelishmasligi ham mumkin. Ilgari, bu chegara 20 BHMni tashkil qilar edi. Shuni ta’kidlash kerakki, agar gap xalqaro grant haqida ketayotgan bo‘lsa, banklar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishuv hujjatlarini shartli ravishda taqdim qilishni so‘raydi.

Taxminan 2 ming AQSH dollari miqdoriga qanday ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirish mumkin? Taqqoslash uchun, bitta loyiha uchun Oliy Majlis huzuridagi NNTni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratiladigan grant miqdori hozirda 40 million so‘mgacha bo‘lgan summani tashkil qiladi. NNTlar har yili o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot berayotgan bo‘lsa, nima uchun xalqaro grantlarni ro‘yxatga olish organlari bilan kelishish tartibidan butunlay voz kechish mumkin emas?

NNTning chet eldan kelgan mablag‘larini bunday muvofiqlashtirish tizimi, shuningdek, xorijlik jismoniy shaxslardan pul yordamini qonuniy ravishda olishni qiyinlashtiradi. Masalan, dunyoning turli burchaklarida istiqomat qiluvchi ko‘plab yurtdoshlarimiz xayriya mablag‘larini yig‘ishadi va aholining ijtimoiy zaif guruhlariga, masalan, COVID-19 koronavirus pandemiyasi kabi favqulodda vaziyatlarda yordam berishni xohlashadi.

Biroq, saqlanib qolgan muvofiqlashtirish tizimiga asosan saraton kasalligiga chalingan bolalarni davolash yoki Sardobadagi to‘g‘on buzilishida jabrlanganlarga yordam berish uchun internet orqali 100 AQSH dollarini shunchaki jo‘natishning iloji yo‘q.

So‘nggi yillarda Parlament komissiyasi NNTlarni subsidiyalar, grantlar va davlat ijtimoiy buyurtmalarida qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, NNTlarni moliyalashtirishning ichki manbalari juda cheklangan. So‘nggi to‘rt yil ichida jamoat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 117 milliard so‘m ajratildi. Masalan, joriy yilda ushbu maqsadlar uchun 60 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 2025 yilgacha ushbu miqdorni 1,8 baravar oshirish rejalashtirilmoqda.

Norasmiy ko‘ngillilar guruhlari haqida nima deyish mumkin?

Matbuot anjumanida norasmiy ko‘ngillilar va xayriya guruhlari o‘zlarining ijtimoiy faoliyatini qanday ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkinligi to‘g‘risida savol berildi. Adliya vazirligi vakili Avazbek Madamaninov ularga NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda jamoat va davlat ishonchining asosi bo‘lib xizmat qiladigan va faoliyatining shaffofligini ta’minlaydigan o‘z ishlarini rasmiy ravishda olib borishni tavsiya qildi.

Avazbek Madaminov taniqli xonanda Sardor Raximxon boshchiligidagi «Yurak Amri» tashabbuskor guruhini misol keltirdi. Ma’lum bo‘lishicha, guruh NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjat topshirgan. Biroq, birinchi bor rad etilganidan keyin ular qayta murojaat qilishmagan. Ehtimol, ular bir necha rad qilinganlar haqida eshitgandan keyin o‘zlarining vaqtlarini, kuchlarini va resurslarini NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishga sarflashni istashmagandir.

Aslida, «Yurak Amri» singari ko‘ngillilarning ko‘plab tashabbuskor guruhlari NNT sifatida ro‘yxatdan o‘tishni xohlashadi, ammo byurokratiya va qog‘ozbozlik jamiyat uchun foyda keltirishga qaratilgan beg‘araz niyatlar yo‘lida g‘ov bo‘lmoqda. Shunday holat 2018 yil noyabr oyidan beri NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda 21 marta rad javobini olgan «Oltin Qanot «Yosh volontyorlar markazini ro‘yxatdan o‘tkazishga urinayotgan bir guruh yosh ko‘ngillilar bilan sodir bo‘lmoqda.

1 maydan boshlab xayriya mablag‘larini markazlashtirilgan yig‘im va yig‘ilgan mablag‘lar tarqatilishining shaffofligini ta’minlash maqsadida «Shaffof Xayriya» Yagona interaktiv portalini ishga tushirish kutilgan edi. Avazbek Madaminov, shuningdek, ushbu soha «Xayriya faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinishini eslatib o‘tdi. Biroq, norasmiy volontyorlar guruhlari yangi portalda ro‘yxatdan o‘tishlari va shu asosda o‘zlarining xayriya faoliyatini amalga oshirishi mumkinligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari: ular nechta va ularni qanday ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

O‘zbekistonda nechta inson huquqlarini himoya qiluvchi NNTlar faoliyat yuritayotgani va ushbu yo‘nalishda ishlayotgan nechta tashabbuskor guruhlar NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda rad javobini olgani to‘g‘risida berilgan savolga Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Avazbek Madaminov O‘zbekistonda 9160 dan ortiq NNT faoliyat yuritayotganini eslatib o‘tdi.

«Barcha nodvalat notijorat tashkilotini inson huquqlarini himoya qiluvchi sohasidagi NNT deb hisoblasak bo‘ladi chunki «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonun bo‘yicha oladigan bo‘lsak bularni asosiy vazifalaridan biri inson huquqlari, demokratik qadriyatlarini himoya qilish hisbolanadi», deb javob berdi Avazbek Madaminov.

U shuningdek, hozirgi kunda inson huquqlarini himoya qilish sohasida kam sondagi — butun respublika bo‘ylab 15 ga yaqin inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ishlayotganini qo‘shimcha qildi. Madaminov ikkita tashkilotni «Ezgulik» O‘zbekiston inson huquqlari jamiyati va o‘tgan yili huquq himoyachisi Azam Farmonov ro‘yxatdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan «Huquqiy Tayanch» NNTni tilga oldi.

«O‘zlarini huquq himoyachisi deb e’lon qilgan tashkilotlar fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qilish bilan shug‘ullanadilar. 9160 NNTlar orasida fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qiluvchi juda ko‘p NNTlar bor deb o‘ylamayman … Va ko‘pincha aynan shu sohada faoliyat yuritish bu kabi NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda», — deydi huquq himoyachisi Shuhrat G‘aniyev.

Agar ro‘yxatdan o‘tgan NNTlarning taxminan 66% ni «tizim hosil qiluvchi tashkilotlar» ekanligini va ularning deyarli yarmi tegishli hukumat qarorlari bilan tashkil etilganligini inobatga olsak, GONGO (Davlat tomonidan tashkil etilgan nodavlat tashkilot)larni «inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar» deb hisoblasak bo‘ladimi?

Mustaqil NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish osonlashdimi yoki yo‘qmi — bunga holis baho berish zarur

20 aprel kuni Shuhrat G‘aniyev o‘zining Buxorodagi «Gumanitar-Huquqiy Markazi» NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘qqizinchi marta rad javobini oldi. Bu safar unga davlat bojini to‘liq to‘lamaganligi haqida xabar berildi. Shu bilan birga, nima uchun ariza qabul qilinayotganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ vakillari bu haqda xabar bermaganligi mavhumligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, unga tashkilotning boshqaruv kengashi a’zolari bilan bog‘liq qandaydir muammo borligi aytilgan. Biroq, kengash a’zolarining barcha shaxsiy ma’lumotlari namunaga muvofiq taqdim etilgan.

«Vaziyatning o‘zi menga bema’ni bo‘lib tuyuladi! Bir tomondan, ekspert sifatida meni Oliy Majlis yoki Ombudsman huzuridagi komissiyalar va guruhlar a’zosi bo‘lishga taklif qilishadi va shu bilan birga, jamoa sifatida qonuniy faoliyat yuritishga harakat qilayotgan tashkilot sifatida qayta-qayta devorli to‘siqqa uchrayapmiz… Axir mening yaqinda NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishga urinishim bu Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ish tajribasiga ega to‘qqiz nafar yoshlarga NNTda kuzatuvchi sifatida ishlashga imkon berishdir. Va nima uchun bir rasmiy muassasa bizni ekspert deb tan oladiyu, ikkinchisi esa qaysarlik bilan ro‘yxatdan o‘tkazishni rad qiladi, tushunarsiz», — deydi Shuhrat G‘aniyev.

Yil boshida Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistondagi mustaqil guruhlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida hisobot e’lon qildi va eskirgan tartib O‘zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlangan uyushish huquqini cheklashini ta’kidladi.

HRW materialida Qoraqalpog‘istondagi «Chiroq», Gumanitar-huquqiy markaz, «Adolatni tiklash», «Inson huquqlari uyi», «Men tirikman» (Farg‘onadagi uysiz hayvonlar uchun boshpana) va «Oltin Qanot» kabi mustaqil tashabbuskor guruhlar ro‘yxati keltirilgan.

O‘tgan yili muallif huquqshunos Oybek Isoqov bilan birgalikda NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni istagan o‘nta tashabbuskor guruhlar orasida so‘rov o‘tkazdi. Raddiya xatlari va olingan ma’lumotlarni tahlil qilish asosida biz mustaqil NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘rtacha 7 oydan 10 oygacha vaqt kerak degan xulosaga keldik.

Huquq fanlari doktori Leonid Xvan ham tahlillarida NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning amaldagi tartibi «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunning tamoyillari va tartiblariga zid kelishini ta’kidlagan edi.

Biz «Madad» NNT yuridik yordam botidan foydalanish tajribasi haqida yozgan edik: botda yordam so‘roviga javoban, allaqachon o‘hshash NNT borligi haqida javob berilgan edi va NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida hech qanday yuridik madad ko‘rsatilmayotganligi haqida bir necha bor ta’kidlangan edi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov tomonidan va’da qilingan NNT ustavlari (nizomlar)ning namunalari hali hanuz chop etilgani yo‘q.

NNTlarning soni har doim ham ularning sifati haqida darak bermaydi

9160 ta NNT katta raqam bo‘lib ko‘rinadi, ammo eski metodika bo‘yicha Adliya vazirligi bitta tashkilotning viloyat, shahar hamda tuman filiallari va bo‘linmalarini alohida NNT deb hisoblaydi. Shunday qilib, agar yirik NNTlarning hududiy filiallari bitta tashkilot sifatida hisoblansa, unda yuqoridagi raqam sezilarli darajada kamayadi.

Masalan, o‘tgan yili Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgandan so‘ng, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va «Nuroniy» jamg‘armasi kabi GONGOlar shuningdek ularning ko‘p sonli hududiy bo‘linmalari bekor qilindi.

Biroq, NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishini faqatgina O‘zbekistondagi ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar soni bilan baholash mumkinmi? Bunday miqdoriy baholash har doim ham NNTlar faoliyatining sifati va samaradorligini ko‘rsatmaydi. O‘zbekistondagi uchinchi sektorning rivojlanishini haqqoniy baholash uchun bir necha omillar va ko‘rsatkichlarga tayanish zarur.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab adliya idoralari Prezident huzuridagi jamoat palatasi, O‘zNNTMA va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllanadigan «NNT faoliyatining ochiqligi Indeksi»ni ishlab chiqmoqda va joriy etmoqda. Shuningdek, har yili tashkilotlarning faoliyati natijalari bo‘yicha e’lon qilinadigan NNT faoliyatining reytingi joriy etilmoqda.

NNT faoliyatining ochiqligi uchun yangi shartlar NNTlardan bajarilgan ishlar to‘g‘risida batafsil hisobot e’lon qilishni talab qiladi. Biroq, NNTlarning barcha tadbirlari to‘g‘risidagi bildirishnoma adliya idoralariga tadbirdan 20 kun oldin yuboriladi va olingan xalqaro grantlar xorijiy donordan olingan mablag‘ning har bir tiyinigacha adliya idoralari bilan muvofiqlashtiriladi va sarf-xarajatning tafsilotlari batafsil ma’lum qilinadi.

O‘zNNTMA orqali tegishli idoralar NNTlarning har bir harakati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni xohlayotgandek taassurot paydo bo‘ladi, bu fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining umumiy tamoyillariga ziddir. Shu bilan birga, yaqinda Adliya vazirligining o‘zi NNTlar faoliyatiga davlat organlarining aralashuvi uchun javobgarlik belgilashni taklif qilgan edi.

Balki NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi «Adliya organlari faoliyati ochiqligi indeksini» ham joriy qilish kerakdir? Masalan, biznesni tartibga solishni baholashda bo‘lgani kabi («Doing Business»), «NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish» indikatorini joriy qilish mumkindir va u jarayonlarning umumiy soni, kunlarning umumiy soni va ta’sis hujjatlarini tayyorlash xarajatlari (jon boshiga daromadning %) kabi parametrlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Zero, NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun har bir takroriy hujjatlarni taqdim etish — bu tashabbuskor guruhlar uchun qo‘shimcha xarajat va mustaqil fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun boy berilgan imkoniyatdir.

Haqiqiy tizimli yaxshilanishlar bo‘lishga umid qilamiz

Prezident Shavkat Mirziyevning uch yil oldin may oyida imzolagan farmoni mamlakatni demokratik o‘zgartirishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga katta umidlar uyg‘otgan edi. Shunday bo‘lsada, eskirgan va keraksiz byurokratik talablar va to‘siqlar NNTlarga chinakam erkinlik va mustaqillikni ta’minlashdan ko‘ra ustunroq turmoqda. Bundan tashqari, va’da qilingan Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi ham bir yildan buyon tashkil etilmoqda…

2020 yilda O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi a’zosi etib saylangani muhim voqea bo‘ldi. Ammo bu O‘zbekistondagi tashabbuskor NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq vaziyatni tubdan o‘zgartira olmadi. Albatta, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida maqsadli yaxshilanishlar mavjudligini inkor etish mumkin emas, ammo «ichki oshxona»ning o‘zi o‘zgargani yo‘q.

Adliya vazirligi vakillari tashabbuskor guruhlar hujjatlarini qonun hujjatlari va belgilangan tartiblarga qat’iy rioya qilgan holda o‘rganayotganliklarini da’vo qilishmoqda. NNTlar esa ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni shaffofsiz va byurokratik bo‘lib qolayotganligini bildirishmoqda. Shaffoflik yo‘qligining sabablari — uchinchi tashkilotlar tomonidan NNTlarning ta’sis hujjatlari anonim ekspertizasi hisoblanadi.

Mustaqil fuqarolik jamiyati faollarining yaqin orada NNTlar to‘g‘risidagi kodeksining xalqaro standartlarga muvofiq shaklida qabul qilinishiga bo‘lgan umidlari susayib bormoqda. Adliya vazirligi biz meros qilib olgan mustaqil NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va nazorat qilishning mavjud tizimidan juda mamnundek taassurot uyg‘onadi. Shakillangan tizim esa maslahat va kerakli yordam bermaydigan hamda shu bilan birga «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunning talablariga javob bermaydigan tizimligicha qolmoqda.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.