Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida navbatdagi 8 nafar koronavirusga chalingan bemor butunlay sog‘aydi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning barchasi Andijon viloyatidan. Ulardan 1 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2019 yil tug‘ilgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 454 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq 23 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1716 nafarda saqlanib qolingani ma’lum bo‘lgandi.