Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan yana 17 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar sog‘aydi. Ular Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning barchasi Toshkent shahridan. Ulardan 16 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. 1 nafari Londondan Toshkentga kelgan. Bemorlardan 4 nafari erkak, 13 nafari ayollardir.

Bemorlar orasida eng yoshi kattasi 69 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2020 yil tug‘ilgan (onasi bilan birga reabilitatsiyaga kuzatildi).

“Klinikamiz xodimlarining birdamligi, mahorati va tajribasi bemorlarmizning sog‘ayishida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Xalqaro standartlar asosida davolash muolajalarini olib borish uchun tibbiyot muassasamizda barcha sharoitlar yaratilgan”, — deydi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 424 nafarni tashkil etmoqda.