8 yanvar kuni Tehron yaqinida qulagan Ukraina aviakompaniyasining Boeing samolyoti «inson xatosi» natijasida tasodifan urib tushirilgan. Bu haqda Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabining bayonotiga tayanib, «RIA Novosti» xabar bermoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Javad Zarif mazkur xabarni tasdiqladi. U Twitter orqali «AQSH adventurizmi keltirib chiqargan inqiroz paytidagi inson xatosi» halokatga olib kelganini yozdi.

«Biz xalqimizdan, barcha qurbonlarning oilalari va boshqa jabrlangan mamlakatlardan chuqur afsusdamiz, uzr so‘raymiz va ta’ziya bildiramiz», — dedi tashqi ishlar vaziri.

Aviahalokat natijasida Afg‘oniston, Germaniya, Eron, Kanada, Ukraina, Buyuk Britaniya va Shvetsiya fuqarolari bo‘lgan 176 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi.

Bir qator davlatlar rahbarlari halokat raketa zarbasi tufayli ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilishgan, ammo Eron rasmiylari ilgari bunday bo‘lishi mumkinligini rad etishgan.