Mart oyida inflyatsiya darajasi 1,01%ni tashkil etdi, bu 2022-yilning shu oyidagidan past, lekin 2021-yildagidan ko‘p. Sut narxining oshishi davom etdi, shakar 4,7%ga, guruch 4,6%ga qimmatladi. Meva-sabzavotlardan qovoq, pomidor va karam eng qimmatlagan mahsulot bo‘ldi. Toshkentda palov narxi 4,5%ga oshdi.
O‘zbekistonda 1 maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi. Shuningdek, aholiga berilgan yerlarda ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun jami 500 milliard so‘m beriladi.
O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati masalalari bo‘yicha izlanish olib boradigan 3 ta ta’lim muassasasi: xalqaro institut, uning huzurida maxsus markaz va texnikum ochiladi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
O‘zbekistonga AQShdan 131 tonna oziq-ovqat yordamining yillik partiyasi yetkazildi. Kundalik kaloriya va oqsil miqdorini oshirishga mo‘ljallangan sabzavot va dukkakli o‘simliklardan iborat ozuqaviy aralashma silga chalingan bemorlarni davolash muassasalari hamda «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga tarqatiladi.
Prezident ko‘rsatmasiga binoan sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar bo‘yicha urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, fermerlarga hosilni sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi.
9 mingga yaqin savdo shoxobchasida tovarlarni sotish sharoitlari tekshirilganida, 1033 ta chakana savdo qoidalarini buzish holati aniqlandi. Jumladan, tovarlar quyosh nuri ostida yoki muzlatgichli vitrinalar va muzlatgichlardan tashqarida saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
May oyida inflyatsiya 1 foizgacha tezlashdi, o‘tgan yilning may oyida esa bu ko‘rsatkich 0,5 foizni tashkil etgan edi. Prezident barcha mahalla va qishloqlarning asosiy mahsulotlar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganish, zarur hollarda boshqa hududlardan yetkazib berishni tezlashtirish bo‘yicha hokimlarga topshiriq berdi. Parrandachilik korxonalariga tuxum narxini oshirmagani uchun minnatdorchilik bildirib, ularni qo‘llab-quvvatlash choralarini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida oziq-ovqat narxi kun sayin ortib borayotgani, jumladan, bug‘doy narxi yil boshidan beri 30 foizga qimmatlashganini aytdi. «Narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu — bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi», — dedi u. Qolaversa, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi 43 ta don korxonasi xarajatlari yuqoriligi, biroq rentabelligi 2 baravar pastligi tanqid qilindi.
Adliya vazirligi va O‘zbekistondagi yirik savdo tarmoqlari vakillari oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Shu maqsadda fudshering platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Statistikaga ko‘ra, Toshkentda har kuni 2 tonna non mahsulotlari, respublika bo‘ylab yiliga 3 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqindiga tashlanadi.
JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi oziq-ovqat narxlari va ochlikka sezilarli darajada ta’sir qilishini ta’kidladi. U Afrikaning ko‘plab mamlakatlari Qora dengiz mintaqasidan keladigan oziq-ovqat ta’minotiga bog‘lanib qolganini qayd etdi. Rossiya va Ukraina butun dunyo bug‘doy ta’minotining 24 foizini, kungaboqar yog‘i va kunjara eksportining taxminan 80 foizini tashkil qilishadi.
O‘simlik yog‘i, kungaboqar, soya danagi va zig‘ir urug‘ini olib kirish, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha QQS imtiyozlari 30 aprelga qadar uzaytirildi. Bunga qadar imtiyoz muddati 2021 yilning 1 mayidan 31 dekabrigacha amalga qilgandi.
AQSh “O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 21 mln dollar ajratadi. Mazkur mablag‘ 400 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan MTTlariga yo‘naltiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting