O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Dunyoda kun sayin oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlarning o‘sishi kuchaymoqda. Albatta, bu bizga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Lekin hamma viloyat, tuman va shahar hokimlari ham dunyoda bo‘layotgan vaziyatni baholab, ishini to‘g‘ri tashkil qilayotgani yo‘q. Buni bozorlarimizdagi narx-navo ko‘rsatib turibdi», — dedi prezident.

Jumladan, may oyida inflyatsiya darajasi 1 foizga oshib, bu o‘tgan yilga nisbatan (0,5%) yuqori bo‘ldi. Albatta, narx-navoning o‘sishiga jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i — 33 foizga, shakar — 14 foizga, neft — 47 foizga oshgani bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda, deya qayd etdi davlat rahbari.

«Bunday sharoitda hokimlar barcha ichki imkoniyatlarni safarbar etib, bozorlarni mahsulotlar, eng muhimi — oziq-ovqat bilan to‘ldirish uchun ikki karra ko‘proq ishlashlari shart. Lekin ko‘p hokimlar narx-navoga e’tibor qilmasdan, jilovni qo‘lidan chiqarib yuborgan», dedi prezident yig‘ilishda.

Uch kun muddatda barcha mahalla va qishloqlarda asosiy mahsulotlar bilan ta’minlash darajasini o‘rganib, kerak bo‘lsa, boshqa hududlardan tezkorlik bilan yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

«Asosiy maqsadimiz — aholini rozi qilish ekanini bir zum ham unutmaslik lozim. Narxlarni sun’iy ushlab turib, bu masalada ko‘zbo‘yamachilik yoki ura-urachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi prezident.

Barcha sharoitlar yaratib berilganiga qaramay, 8 ta viloyatda parranda go‘shtini yetishtirish aholi talabining 70 foizini ham ta’minlamayotgani tanqid qilindi.

Parrandachilik xo‘jaliklari bilan uchrashuvlarda 20 dan ortiq muammo va takliflarni ko‘tarilgan. Jumladan, parrandachilik yo‘nalishidagi 50 dan ziyod yirik korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda. Sababi — hududlarda loyihalarni tanlash va joylashtirish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.

Bugungi kunda bir dona tuxumning o‘rtacha tannarxi 1 ming so‘m bo‘lsa, uning ulgurji narxi 900 so‘mdan oshmayapti.

«Parrandachilik korxonalari rahbarlari vaziyatni tushunib, tuxum narxini oshirmayapti, buning uchun ularga rahmat. Lekin qaysi viloyat, tuman va shahar hokimi ular bilan uchrashib, ozuqa yem, transport, aylanma mablag‘ masalalarida yordam berayapti, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q», — dedi prezident.

Prezident parrandachilik xo‘jaliklarini yem bilan ta’minlash masalasini to‘liq hal qilish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun:

  • parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m revolver kredit ajratiladi;
  • parrandachilik korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun olinadigan tijorat kreditlarga Tadbirkorlik jamg‘armasidan garov ta’minotining 50 foiziga kafillik berish va 17 foizdan oshgan qismini kompensatsiya qilish tizimi joriy qilinadi;
  • pandemiya davrida parrandachilik korxonalarining jami 834 mlrd so‘m, shundan 2022 yilda 400 mlrd so‘m olgan kreditlari muddati uzaytiriladi.

Bu sharoitlardan foydalanib, mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga, parranda go‘shti ishlab chiqarishni yil yakuniga qadar kamida 35 foizga oshirib, 600 ming tonnaga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni to‘g‘ri joylashtirish maqsadida mahsulotlarni ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish topshirildi.

Yig‘ilishda xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqishni kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Davlat rahbari Nurobod tumani tajribasini misol qilib keltirdi. Bir yil oldin ushbu tuman o‘zini tuxum bilan 50 foizga, parranda go‘shti bilan 40 foizga ta’minlar edi. Joriy yilda tumanning barcha mahallasiga lider tadbirkorlar inkubator tarqatib, aholi bilan birga parranda go‘shti va tuxum yetishtirishni yo‘lga qo‘ydilar. Natijada, bugungi kunda ushbu tuman o‘zini tuxum va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash bilan birga, Samarqand shahri, Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlariga oyiga 140 mingta tuxum yetkazib bermoqda. Mazkur tajribani o‘zining tuxum va parranda go‘shtiga ehtiyojini qoplamaydigan 50 ta tumanning 200 ta mahallasida yo‘lga qo‘yishga topshiriq berildi.

«Ushbu tuman hokimlari yil yakunigacha o‘zgarish qilmasa, xulosa jiddiy bo‘ladi», dedi prezident.

Ushbu mahallalar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 mln so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratilishi, ushbu mablag‘lar hisobidan aholi jo‘jalar va ozuqa bilan ta’minlanishi belgilandi