Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining hududiy tuzilmalari tomonidan respublikadagi 9 mingga yaqin do‘kon, kioska, laryok va pavilonlar kabi boshqa savdo obyektlarida o‘rganish ishlari olib borildi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Xususan, 1033 ta ya’ni 12 foiz holatda chakana savdo qoidalari talablari buzilgan. Shundan 764ta holatda oziq-oqat mahsulotlarini quyosh tig‘ida saqlash faktlari aniqlandi. «Aslida oziq-ovqat tovarlarini vitrinada quyosh nurlari va yog‘ingarchiliklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siriga uchraydigan holatda saqlashga va joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, o‘rganishlarda maxsus jihozlanmagan 50 ta savdo shoxobchasi rastalarida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, savdo qoidalariga asosan, go‘sht-sut, baliq, qandolatchilik mahsulotlari (biskvit tortlar, pirojnoyelar va boshqalar), yarim tayyor mahsulotlar, tayyor masalliqlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishga faqat sovutiladigan peshtaxtalar, vitrinalar bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.

45 ta holatda esa tuxum mahsulotlari saqlash me’yorlariga amal qilinmagan yuqori haroratda, quyosh tig‘ida sotilayotgani aniqlangan. Bundan tashqari, savdo do‘konlari peshtaxtalarida 58ta holatda yuvish vositalari, non, un va boshqa un mahsulotlari yonma-yon joylashtirilgan, 3 ta holatda muzlatgichlar yetishmasligi, 10 ta holatda vaznlab sotiladigan mahsulotlar ochiq holatda rastalarda sotuvga qo‘yilgan. Tartib-qoidaga asosan, yangi rezavor mevalar usti yengil gazlama (masalan, doka va hokazolar) bilan yopilishi kerak. 103 ta holatda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tartibsiz joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, issiq havoda oziq-ovqat xavfsizligi muhim rol o‘ynaydi. Zero, buzilgan oziq-ovqat, ayniqsa, bolalar va qariyalarda qator kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Sotuvchi texnik reglament yoki standart talablariga muvofiq tovarlarni qabul qilib olishda, saqlashda, savdo oldi tayyorgarligida va sotish paytida ularning sifati va xavfsizligi savdoning zarur shart-sharoitlarini, shuningdek xaridorlarning tovarlarni tanlash imkoniyatini ta’minlaydigan zarur joylar, asbob-uskunalar va inventarga ega bo‘lishi shart.

Aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlari va yaroqlilik muddatining jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ko‘rsatmalar berildi.