Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga qariyb 410 ming dollarlik 131 tonna oziq-ovqat yordami yetkazib berdi, Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

«Ushbu o‘n uchinchi yillik oziq-ovqat yordami partiyasi sabzavot va dukkakli ekinlarning aralashmasidan iborat bo‘lib, u mikroelementlar bilan to‘yintirish, kunlik kaloriya va oqsil miqdorini oshirish hamda saqlash muddatini uzaytirish uchun maxsus ishlab chiqilgan», — deyiladi xabarda.

Bunda oziq-ovqatlar mamlakatning 35 ming nafar eng himoyasiz fuqarolari uchun 98 ta sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalarida 6,6 mln porsiyaga taqsimlanadi. Jumladan, sil kasalligiga chalingan bemorlarni uzoq muddatli davolash muassasalari, mehribonlik uylari, keksalar va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash muassasalari shular jumlasidandir.


Taqsimlash Amerikaning Resourse and Policy Exchange notijorat tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi «Sog‘lom avlod uchun» hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

2010 yildan beri USAID`ning Oziq-ovqat mahsulotlariga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik dasturi O‘zbekistonga umumiy qiymati 4 mln dollardan ortiq bo‘lgan 1425 tonna oziq-ovqat yordamini yetkazib berdi.

O‘zbekistonga yetkazilgan mazkur yangi gumanitar yordam AQShning mamlakat sog‘liqni saqlash sohasiga uzoq muddatli sarmoyasi sifatida 122 mln dollardan ko‘proq mablag‘ va so‘nggi 20 yil davomida jami 1 mlrd dollardan ortiq yordam hisobini to‘ldiradi, deyiladi hisobotda.

Ma’lumot uchun, AQSh 2021 yilning iyul oyida ham USAID agentligi orqali O‘zbekistonga 131 tonnalik sabzavot va dukkakli mahsulotlar aralashmasidan iborat oziq-ovqat yordamini taqdim etgandi.