Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ta’kidladi.

«Bugungi kunda xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy 400 dollardan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshdi. Bunday vaziyatda narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu — fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi», — dedi u.

Buning uchun g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarurligi aytildi.

«Biz bu islohotlarga uzoq tayyorgarlik ko‘rdik. Barcha masalalarni puxta hisob-kitob qilib, bu ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib kelayapmiz», — dedi u.

Sohada xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli uning ulushi tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, so‘nggi uch yilda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna bo‘lgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi.

Yig‘ilishda o‘tgan yilda respublika bo‘yicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgani, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Lekin, bugungi kunda „O‘zdonmahsulot“ kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyormi? Afsuski, bu savolga javob ijobiy emas», — dedi u.

«Shu paytgacha kompaniya tarkibidagi don korxonalari fermerlardan tayyor bug‘doyni qabul qilib, uni qayta ishlash bilan shug‘ullanib kelgan. Oqibatda, ularning un ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi o‘rtacha 60 foizdan oshmaydi. Davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20−25 foizga yuqori, rentabellik esa 2 baravar kam», — deya tanqid qildi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlar samarasiz yo‘lga qo‘yilgani oqibatida «O‘zdonmahsulot» korxonalarining Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi oldidagi qarzi 1,8 trln so‘mni tashkil etib, shundan 1,1 trln so‘mi umidsiz qarz hisoblanadi.

Eng achinarlisi, davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmagan.