Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat bozorlarida bodring va uzum narxining keskin qimmatlashgani yuzasidan izoh berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Toshkent shahridagi “Qo‘yliq” va “Chorsu” bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining kunlik e’lon qilayotgan ma’lumotlariga ko‘ra, 8 va 15 noyabr kunlari bodringning maksimal narxi 9 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, minimal narxi 4 ming so‘mdan 20 ming so‘mga oshgan, Uzum esa 8−45 ming so‘mdan 45−90 ming so‘mgacha qimmatlashgan.

Bodring

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bugungi kunda ochiq dalalarda yetishtirilgan bodring hosili yig‘ishtirib olinib, iste’molchilarga yetkazib berilganini qayd etdi. Ochiq dalalarda yetishtirgan mahsulotlarning narxi mavsumda 1 kg uchun o‘rtacha 1,5−2,0 ming so‘mni tashkil qildi. Oldingi yillarda ham noyabr oyi o‘rtalariga kelib bodring narxi o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, 2021-yilda oldinga oylarga nisbatan noyabrda 1,3 barobarga, 2022-yilda 1,9 barobarga oshgan.

“Bu davrda asosan issiqxonalarda yetishtiriladigan mahsulotlar ichki bozor va eksport uchun chiqariladi. Issiqxonalarda yetishtiriladigan bodring asosan avgust-sentabr oylarida ekilib, noyabr oyining uchinchi dekadasi va dekabr oyining boshlarida terish davri boshlanadi. 2023 yil mavsum boshida, ya’ni sentabr oylarida tabiiy gaz ta’minoti masalasi to‘liq hal etilmaguniga qadar, issiqxonalarda sabzavot ekinlarini ekish ishlari to‘xtab turdi” — deyiladi xabarda.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-oktabrdagi 567-sonli qarori qabul qilinib, issiqxonalarga kafolatlangan tabiiy gaz yetkazib berish belgilangandan so‘ng issiqxonalarda ekin ekish ishlari boshlandi. Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar noyabr oyi 3 dekadasi va dekabr oyi boshidan terimi boshlanishi bilan ichki bozorda narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda.

Vazirlik bugungi kunda dunyo bozorlarida ham narxlar sezilarli ko‘tarilganini eslatib o‘tdi. Masalan, 1 kg bodring Rossiyada 1,1−1,7 dollar, Qozog‘istonda 1,5 dollar, Polshada 1,6 dollarni tashkil etmoqda.

Uzum

Ko‘p yillik monitoring kuzatishlarga ko‘ra, noyabr-dekabr oylarida uzum mahsulotlari saqlash uchun joylashtirilishi oqibatida unga bo‘lgan narxlarning oshishiga olib kelindi. Xususan, 2022-yilning noyabr oyi narxi oktabrga nisbatan 111,5 foizga oshgan bo‘lsa, 2023-yilda mos ravishda bu ko‘rsatkich 119 foizga o‘sgan. Jumladan, mahsulot navi bo‘yicha “Husayni” 15 — 25 ming so‘m, toyfi 15−20 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan “Rizamat ota”, “Mersedes” kabi navlariga talab oshgan (1 kg 90 ming so‘m atrofida).

Bundan tashqari, 2023-yilda anomal sovuq ta’sirida, tokzorlarda 18 foiz mahsulot yo‘qotilgan. Bu holat Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham kuzatilgan. Bu eksport hajmi tushishiga ham ta’sir etib, yanvar-oktabr oylarida ho‘l holdagi uzum mahsuloti eksporti 113 ming tonna (2022-yilga nisbatan 49 foiz yoki -123 ming tonna kam)ni tashkil etdi.

“Tashqi bozorda uzumga bo‘lgan talabning oshishi hamda narxlarning yuqorilashi ichki bozorga ham ta’sir etgan, xususan, 1 kg uzum narxi Rossiyada 2−6 dollar, Polshada 2,9 dollar, Tojikistonda 2,2 dollarni tashkil etmoqda. 2023-yil noyabr oyidan kommunikatsiya va logistika xarajatlari (xususan, elektr energiyasi narxi 3 barobar) ham oshishi uzum narxiga ta’sir ko‘rsatgan”, — deyiladi xabarda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxining oshishini “issiqxonalarda qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari natijasida yuzaga kelgan tabiiy holat” deya baholadi. Hosil issiqxonalarda yig‘ib, bozorga yetkazilgach, narxlar barqarorlashadi, deya kutmoqda vazirlik.