Jahon savdo tashkiloti (JST) rahbari Ngozi Okonjo-Iveala The Guardian nashriga bergan intervyusida Ukrainadagi urush natijasida oziq-ovqat narxlarining keskin o‘sishi kambag‘al mamlakatlarda ochlikdan aziyat chekayotganlar orasida tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.

Ngozi Okonjo-Iveala oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi mamlakatlarni mahsulotlarni g‘amlashdan tiyilishga chaqirdi va koronavirus pandemiyasi davridagi boy mamlakatlar vaksinalarning asosiy qismi bilan faqat o‘zlarini ta’minlagan holat takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik juda muhimligini qayd etdi.

«Menimcha, biz bu holatdan juda xavotirlanishimiz kerak. Shu va keyingi yillarda oziq-ovqat narxlari va ochlikka ta’sir sezilarli bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqat va energiya butun dunyodagi kambag‘allarning iste’mol savatchasidagi ikkita eng asosiy narsadir. Eng ko‘p zararni kambag‘al mamlakatlar va u yerda yashayotgan kambag‘allar ko‘radi», — dedi JST bosh direktori.

Okonjo-Ivealaning fikriga ko‘ra, Afrikaning 35 davlati Qora dengiz mintaqasidan import qilinadigan mahsulotlarga bog‘lanib qolgan.

«Sizda bor narsani saqlab turishga urinish — tabiiy holat, biz buni vaksinalar misolida ko‘rdik. Ammo biz oziq-ovqat bilan bu xatoni takrorlamasligimiz kerak», — dedi u.

JST hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘n yil oldin oziq-ovqat inqirozi davrida jahonda bug‘doy narxining 40 foizga o‘sishi oziq-ovqat zaxiralarining saqlab turilishi natijasida sodir bo‘lgan.

Okonjo-Ivealaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 12 mamlakatda, shu jumladan Salvador, Kambodja va Misrda oziq-ovqat mahsulotlariga savdo cheklovlari mavjud.

«Biz vaksinalar va oldingi oziq-ovqat inqirozlaridan saboq olganimizga ishonch hosil qilishimiz kerak. Ukrainadagi urush oqibatlarini butunlay yumshatishimiz mumkinligiga amin emasman, chunki unga aloqador odamlar soni juda katta, ammo biz oqibatlarning ba’zilarini yumshatishimiz mumkin», — dedi Okonjo-Iveala.

JST bosh direktori mojaro tufayli Ukrainada ekin mavsumiga zarar yetishi va o‘g‘itlarni yetkazib berish ham cheklanishidan xavotirda ekanligini qayd etdi.

Ukraina odatda BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturiga kelib tushadigan bug‘doyning yarmini yetkazib beradi. Ushbu agentlik mojaroli yoki ochlik kabi ofatlarni boshidan kechirayotgan mamlakatlarga favqulodda yordam yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

«Agar biz urush oqibatlarini qanday yumshatish haqida o‘ylamasak, bu nafaqat joriy yil, balki keyingi yil ham yana bir falokatga olib keladi», — dedi u.

Qanday mahsulotlar bilan muammo yuzaga kelishi mumkin?

AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligining xorijiy qishloq xo‘jaligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya va Ukraina dunyodagi eng yirik bug‘doy yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. 2021−2022 yilgi mavsumda Rossiya jahon bug‘doy eksportining 16 foizini, Ukraina esa 10 foizini tashkil etdi. Eng katta ulush (18%) Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Avstraliya — 13%, AQSh — 11% va Hindiston — 5% ulushga ega.

Bundan tashqari, Ukraina jahon eksportida 14% ulushga ega bo‘lgan eng yirik jo‘xori eksportchilaridan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda, Rossiyaning ulushi 2 foizni tashkil etadi. O‘tgan yillarda kungaboqar yog‘i va kunjara jahon eksportida Rossiya va Ukrainaning ulushi taxminan 80 foizni tashkil etdi.

Rossiya Ukrainada olib borayotgan maxsus harbiy operatsiya fonida, bug‘doy narxi birinchi haftada 43,4 foizga o‘sdi va 14 yil kuzatilmagan o‘sishni takrorladi. Bundan tashqari, 15 mart kuni Rossiya don mahsulotlarini Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishni, shuningdek, oq shakar va xom shakarqamishni chet elga eksport qilishni vaqtincha taqiqladi.

Mart oyining boshida Yevropa komssiyasi vitse-prezidenti Frans Timmermans Yevropa parlamenti yig‘ilishida Ukrainada ekin mavsumi ham tahdid ostida qolganini aytib o‘tgan edi. U agar ukrainalik fermerlar yaqin bir-ikki hafta ichida ekishni boshlashmasa, Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini katta miqdorda import qiladigan rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat tanqisligi xavfi paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi uchun bu muammolar unchalik kuchli bo‘lmasligini qayd etdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida harbiy operatsiyaning Ukrainadagi ekin mavsumiga ta’siri haqida aytib o‘tdi.

«Qandaydir sababga ko‘ra kecha Lvovga 6 ta raketa uchib tushdi. Neft omborlari va bazalarini urishmoqda, hozir ekin mavsumi ekanligini juda yaxshi tushunishadi. Ekinlarning nima aloqasi bor? Ukraina Yevropa va Arab amirligining yarmini boqadi. Siz, Rossiya Federatsiyasi, arablar bilan yaxshi munosabatdasiz-ku. Turklarda ham, hech kimda kungaboqar yog‘i, bug‘doy yo‘q. Bundan tashqari, mamlakatdan ayni shu davlatlarga yuborilayotgan bug‘doyni olib chiqqani qo‘yishmadi», — dedi Ukraina prezidenti.