Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 25 turdagi oziq-ovqatni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni boshlash topshirig‘ini berdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabarida aytilishicha, mavjud resurslar, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlarni ishga solib, ichki bozorni to‘ldirish uchun salohiyat yuqoriligiga qaramay, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi 2023-yili Surxondaryoda 16 foiz, Andijonda 21 foiz, Jizzaxda 3 foizga kamaygan. Masalan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Samarqandda ishlab chiqarilgan makaron mahsulotlari hajmi hududiy ehtiyojning yarmini ham qoplamaydi.

Prezident mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgada 25 turdagi oziq-ovqatni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni boshlash topshirig‘ini berdi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi. Shuningdek, davlat rahbari mas’ullarga xorijiy brendlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishni topshirgan.

Vazirlar Mahkamasi oldiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yig‘ilishda charm sanoatida ham mahalliylashtirishni ko‘paytirish imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tildi. Shavkat Mirziyoyev tarmoq mas’ullariga hududlarda kamida 2 mlrd dollarlik loyiha paketini shakllantirish, avtomobillar uchun o‘rindiq jildlari, sun’iy charmdan sport jihozlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish toshirig‘ini berdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda chorvachilik klasterida teridan to‘liq tayyor mahsulot chiqaradigan korxonalarni ishga tushirish zarurligi qayd etib o‘tildi va mahalliylashtirishda faqat tovarlar emas, xizmatlar bo‘yicha ham katta imkoniyatlar borligi aytildi.

Oxirgi besh yilda 9 ta energetika, neft-gaz va metallurgiya loyihalari ishga tushdi. Keyingi yillarda “Mustaqillik — 25” loyihasi, 30 ga yaqin mobil kompressor stansiyalari va 6 ta bug‘-gaz qurilmalarini foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Bunday obyektlardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortib bormoqda. Kimyo, metallurgiya korxonalari, yirik nasos stansiyalari va GESlarda ham bunday xizmatlarga talab yuqori.

Prezident shuni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi va tarmoq rahbarlariga birgalikda yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturini boshlash topshirig‘ini berdi. Davlat raxbari dasturda kadrlarni o‘qitish, servisga litsenziya olish, butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilash zarurligini ta’kidladi.