Kun.uz Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O‘lmas Istamovga tegishli ekani aytilgan audioxabarni e’lon qildi. Unda Istamov hududiy tashkilot rahbarlarini Open Budget`da ovoz to‘plashga majburlaganini eshitish mumkin.

Hokim o‘rinbosari bu topshiriqni hokim bergani, kechgacha belgilangan ovozni to‘plamagan rahbarlar ishdan olinishini ta’kidladi.

“Hozir hokim topshiriq berdilar, agar bittang o‘zgarish, natija qilmaydigan bo‘lsang, xafa bo‘lib o‘tirma. Shahriyor SES, natija qilsang qil, jo‘ra, bo‘lmasa, arizangni yoz, quri bu yerdan, tushundingmi gapimni? Menga bugun natija qilasan. Agar obeddan keyin yuzta ovoz yig‘ib bermasang, yo‘q bo‘lasan, jo‘ra. Menga sendek rahbar kerakmas”, — deydi u audioxabar avvalida.

U shundan so‘ng maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari, deputat Nodira Atamurodovaga yuzlandi.

“Qani 3-bog‘cha, deputat Atamurodova? Sizga yaxshi gapirdim. Nima uchun natija qilmayapsiz? Bugun kechgacha, Atamurodova misolida aytyapman, qolgan bog‘chalarga ham tegishli… Aytib qo‘yay, bugun juda katta o‘zgarish bo‘ladi kadrlar masalasida. Kamida 50 foiz bog‘cha mudirlari ishdan ketadi”, — dedi Istamov.

Hokim o‘rinbosari hamma o‘z ishini qo‘yib, Open Budget bo‘yicha ovoz berishi kerakligini buyurdi.

“Hamma xulosa qilsin, katta yig‘ilish bo‘ladi mana shu masala bo‘yicha. Agar bugun kim o‘zgarish qilmaydigan bo‘lsa, hurmatli bog‘chalar, keyin xafa bo‘lib o‘tirmang birortangiz: qizig‘i yo‘q kim bo‘lishidan qat’i nazar. Shuning uchun hamma xulosa qilib, bugun kamida 50 ta o‘zgarish qilishi kerak. Agar o‘zini hurmat qiladigan rahbar bo‘lsa, kerak bo‘lsa, birorta qarindoshimi, boshqasimi, uning nomiga SIM karta olib bo‘lsa ham qiladi. Agar yog‘ kerak bo‘lsa, yog‘ ham beraman sizlarga, tayyorman shu narsaga ham”, — dedi u.

Istamov, shuningdek, 35-bog‘cha “qilib beraman, deb qasamxo‘rlik qilgani”, lekin ovoz yig‘ilmagani, bu holat 8-, 18-, 26-bog‘chalarga ham tegishli ekanini aytdi. “Yaxshi bo‘lmaydi bugun, aytib qo‘yay. Juda qattiq yig‘ilish bo‘ldi hozir shu masala bo‘yicha. Birortangiz kechirilmaysiz, men „konkret“ ogohlantiryapman”, — dedi hokim o‘rinbosari.

U nutqini davom ettirarkan, Yoshlar ishlari agentligi hududiy bo‘limi rahbari, bundan tashqari, musiqa va sport maktablari rahbarlari ham natija ko‘rsatmasa, ishdan olinishini ta’kidladi.

Hokim o‘rinbosari bir necha bor tashkilotlar rahbarlariga nisbatan “noinsoflar” jumlasini ishlatdi va unga “bunday komanda kerak emas”ligini qo‘shimcha qildi.

34 yoshli Istamov mazkur lavozimni 2022-yilning 15-fevralida egallagan.

Hokimlik munosabati

Qiziltepa tumani hokimligi mazkur vaziyatni izohlar ekan, hokimlik bu kabi nojo‘ya harakatlar va xodimlarga nisbatan hurmatsizlikni keskin qoralashini bildirdi.

“Ushbu yig‘ilish audiosi va undagi ishlatilgan qo‘pollik yuzasidan tuman hokimligida hokim o‘rinbosariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi va tegishli chora ko‘rilishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.