Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2024-yilning aprel oyi uchun Toshkent shahrida uy-joylar ijarasi bo‘yicha taklif etilgan narxlar tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, poytaxtda ijara narxlari pasayishda davom etmoqda.
Aprelda poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari mart oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0,9 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa o‘rtacha 1,12 foizga pasaygan.
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi
2024-yilning aprel oyida o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali turar joy uchun taklif etilgan ijara narxlari mart oyidagiga nisbatan o‘rtacha 1,4 foizga pasayib, 386 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar uchun ijara narxlari 0,4 foizga pasaygan va 434 dollargacha tushgan. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali turar joylar uchun ijara narxlari mos ravishda 1,3 foiz va 0,6 foizga pasaygan va o‘rtacha narxlar 507 va 587 dollarni tashkil etgan.
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali — 350 dollar, 2 xonali — 384 dollar, 3 xonali — 429 dollar, 4 xonali — 441 dollar), Olmazor (1 xonali — 361 dollar, 2 xonali — 408 dollar, 3 xonali — 449 dollar, 4 xonali — 477 dollar) tumanlarida taklif etilgan.
Eng qimmat ijara narxlari esa Shayxontohur (1 xonali — 412 dollar, 2 xonali — 449 dollar, 3 xonali — 524 dollar, 4 xonali — 627 dollar) va Mirobod (1 xonali — 457 dollar, 2 xonali — 518 dollar, 3 xonali — 612 dollar, 4 xonali — 798 dollar) tumanlarida kuzatilgan.
To‘liq ta’mirlangan uy-joy ijarasi
Aprel oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali turar joylar uchun o‘rtacha ijara narxi 467 dollarni tashkil etib, mart oyidagiga nisbatan 0,8 foiz tushgan, 2 xonali turar joylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 631 dollarni va 2,1 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali turar joylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida (784 dollar) ham biroz (0,4 foiz) pasayish kuzatilgan. Shuningdek, to‘liq ta’mirlangan 4 xonali turar joylar o‘rtacha ijara narxlari ham 1,1 foiz tushib, 901 dollargacha pasaygan.
To‘liq ta’mirlangan turar joylar uchun eng arzon ijara narxlari Uchtepa (1 xonali — 392 dollar, 2 xonali — 484 dollar, 3 xonali — 619 dollar, 4 xonali — 736 dollar) va Chilonzor (1 xonali — 413 dollar, 2 xonali — 512 dollar, 3 xonali — 652 dollar, 4 xonali — 774 dollar) tumanlarida bo‘lib turibdi.
Eng qimmat ijara narxlari esa Shayxontohur (1 xonali — 557 dollar, 2 xonali — 846 dollar, 3 xonali — 1069 dollar, 4 xonali — 1068 dollar) va Mirobod (1 xonali — 541 dollar, 2 xonali — 839 dollar, 3 xonali — 1028 dollar, 4 xonali — 1093 dollar) tumanlarida kuzatilgan.
Ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) usulida to‘plangan. Bunda 2024-yilning mart oyi uchun 52.2 mingta va aprel oyi uchun 86 mingta ma’lumotdan foydalanilgan. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastki 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlangandan keyin amalga oshirilgan.
Mart oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxida fevralga nisbatan 0,61 foiz, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxida esa 0,76 foiz tushish kuzatilgandi.