Bir kun oldin suiqasd uyushtirilgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning ahvoli barqaror, ammo og‘irligicha qolmoqda, deya xabar bermoqda Reuters siyosatchi yotgan shifoxona direktoriga tayanib.

15-may kuni kechqurun hukumat rahbari operatsiya qilingan, operatsiya besh soat davom etgan. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Fitsoga besh marta o‘q uzilgan: bir o‘q oshqozonidan o‘tgan, ikkinchisi bo‘g‘imlaridan biriga tekkan.

Bosh vazirga suiqasd Slovakiya hukumati tashrif buyurgan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgan Gandlova shahrida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs Fitsoni uni kutib turgan bir guruh fuqarolar bilan ko‘rishish uchun binodan chiqayotganda otgan.

Shoshilinch kasalxonaga yotqizilganidan so‘ng Fitso vertolyotda Banska-Bistritsa viloyati markazidagi kasalxonaga yetkazilgan, chunki uning ahvoli juda og‘ir bo‘lib, uni poytaxt Bratislavaga olib borish ilojsiz bo‘lgan.

Slovakiya OAVlari Fitsoni otgan shaxs 71 yoshda ekanini, u avval savdo markazida qorovul bo‘lib ishlagani, uchta she’riy to‘plam muallifi va Yozuvchilar uyushmasi a’zosi ekanini ma’lum qildi. tvnoviny.sk xabariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs Levitsa shahrida tug‘ilgan 71 yoshli yozuvchi Juray Sintuladir. Aktuality axborot portali qo‘lga olingan shaxsning o‘g‘liga tayanib, uning otasida qurolga egalik qilish uchun litsenziya borligi haqida xabar berdi.

tvnoviny.sk ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya gumonlanuvchini qotillikka urinishda ayblagan, unga 25 yildan boshlab umrbod muddatgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Slovakiya ichki ishlar vaziri Matush Shutay-Eshtokning aytishicha, hujum “siyosiy maqsadda” qilingan. Reuters agentligining qayd etishicha, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sanasi ko‘rsatilmagan videoda gumonlanuvchi shunday deydi: “Men hukumat siyosatiga qo‘shilmayman. OAV tugatilmoqda, nega RTVS`ga (Slovakiya radio va televideniyesi) hujum qilinmoqda?”. Agentlik videodagi erkak otishmadan keyin qo‘lga olingan odamga o‘xshashligini tasdiqladi.

Fitsoga suiqasd so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt ichida yevropalik siyosatchiga suiqasd uyushtirishga qaratilgan birinchi yirik urinish bo‘ldi, deya aniqlik kiritmoqda Reuters. YeI, AQSh va boshqa davlatlar vakillari hujumni qoraladi.