Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston — 2030 strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida may-iyun oylari davomida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy, vatanparvarlik va sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.

Tadbirlar doirasida quyidagi nominatsiya va ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi:

  • “Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan xoli mahalla” nominatsiyasi;
  • “Yoshlarga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan tadbirkor” nominatsiyasi;
  • “Xavfsiz va ravon yo‘l” nominatsiyasi;
  • “Ichki ishlar vaziri kubogi” voleybol bo‘yicha sport musobaqasi;
  • “Zakovat” intellektual o‘yinlari;
  • “Dillarda vatan madhi” shiori ostida qo‘shiq tanlovi;
  • “Dillarda vatan madhi” shiori ostida she’riyat tanlovi;
  • “Yosh huquqshunos” ko‘rik-tanlovi.

Mazkur tadbirlarning ochilish marosimi 19-may kuni 2000 nafar yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkaziladi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida onlayn tarzda yugurish tadbiri va “Vatanparvarlik marshi” boshlanadi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkaziladigan, sog‘lom turmush tarziga chorlaydigan “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik” yoshlar marafoni tadbirining ishtirokchi va mehmonlari uchun ko‘ngilochar dastur hozirlangan.

G‘olib bosh sovrin — 10 mln so‘mni qo‘lga kiritish imkoniga ega.

Tadbirning boshlanish vaqti — 7:00.

Yugurish starti — 8:00.

Tadbirda qatnashish bepul.

23-iyun kuni tadbirning yakuniy bosqichi Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirga yuqorida aytib o‘tilgan 8 ta nominatsiya va ko‘rik-tanlovning O‘zbekiston bo‘yicha g‘oliblari taqdirlanadi hamda konsert dasturi namoyish etiladi.

Reklama huquqlari asosida.