Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi sessiyasida poytaxtda hali ishga solinmagan imkoniyatlar haqida gapirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Qayd etilishicha, 979 ta yer uchastkasini auksionga chiqarish, qishloq xo‘jaligidan sanoat va aholi punkti toifasiga o‘tgan 175 gektar yerlarni tadbirkorlarga berish orqali yangi loyihalarni amalga oshirish mumkin

Poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda mavjud 98 ming bo‘sh ish o‘rni — aholi bandligini ta’minlash uchun ishga solinmagan imkoniyatlardan biri, dedi prezident.

Bundan tashqari, Yangihayot tumanida 764 gektar yerda tashkil etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida yana o‘n minglab ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.

“Yunusobod tajribasi”

Shavkat Mirziyoyev aholi daromadini oshirish bo‘yicha qanday ishlash zarurligini Yunusobod tumani misolida tushuntirdi. O‘tgan yetti-sakkiz yilda poytaxtda, shu jumladan, Yunusobodda katta o‘zgarishlar bo‘lganini ta’kidladi.

Masalan, bu davrda tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, korxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari 3,5 mingtaga, ish o‘rinlari 20 mingtaga ko‘paygan.

Tumanda 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurilgan, 8 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil qilingan, 3 ta oliygoh ochilgan. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar soni bo‘yicha ham Yunusobod poytaxtdagi yetakchi tumanlardan biriga aylangan.

tadbirkorlik, тошкент, шавкат мирзиёев, юнусобод tumani

“Yunusobodni chekka qismi bilan poytaxtning markaziy qismidagi mahalla o‘rtasidagi farq juda katta, aholi daromadi va yaratilgan sharoit bo‘yicha vaziyat bir xil emas”, — dedi prezident.

“Tumandagi ayrim oilalar oylik daromadini faqat kun kechirishga sarflayapti. Ular o‘zi va farzandlari kelajagiga investitsiya kiritish uchun mablag‘ ajrata olmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U iqtisodiy kompleks tashkilotlarida bu borada tahlil yo‘qligi, turli moliyaviy instrumentlar orqali bu oilalar daromadini oshirishni o‘ylab ko‘rmaganini tanqid qildi.

Tadbirkorlar va mahallalar o‘rtasidagi aloqa

Davlat rahbari poytaxtdagi 12 ta tuman bir-biri bilan tutashib ketgani, ularni iqtisodiy chegarasi yo‘qligi bois tadbirkorlarga sharoit yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha boshqacha yondashuv kerakligini ta’kidladi.

Banklar filiallari faqat mijozni hisob raqamiga xizmat ko‘rsatuvchi emas, balki o‘zining yirik mijozlari va tumandagi mahallalarni bog‘laydigan ko‘prik bo‘lishi muhim, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Faoliyatini kengaytirish hamda aylanma mablag‘ uchun kredit olish va ish o‘rni yaratishga tayyor mijozlar ko‘p. Banklar zamonaviy fikrlab, shunday mijozlar bilan ishlashi, ularni yiriklashtirishga ko‘maklashishi maqsadga muvofiq”, — dedi prezident.

Davlat rahbari bank filiallari tadbirkor mijozlarga kredit berayotganda fuqarolarni ishga olish sharti bilan kredit foizini kamaytiradigan tizimni joriy qilishni taklif qildi.

Yangi tizimga ko‘ra, endilikda banklar tadbirkorlar ish o‘rni yaratganidan keyin ularga berilgan kredit foizini tushirib boradi. Shu bilan birga, hokim yordamchilari ishsizlarni tadbirkorni talabi asosida o‘qitadi.

tadbirkorlik, тошкент, шавкат мирзиёев, юнусобод tumani

Davlat muassasalari o‘rnida tadbirkorlik

Prezident tadbirkorlarga Yunusobod tumanida loyihalar uchun bo‘sh joy topish qiyinligini aytdi. U Amir Temur shoh ko‘chasidagi sakkizta davlat idorasining eski binolarini rekonstruksiya qilish va savdo obyektlari, ofis va yerosti avtoturargohiga ega mehmonxonalar qurish uchun tadbirkorlarga berishni taklif etdi.

Toshkentning yer o‘ta cheklangan sharoitida bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. U yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish va Yunusobod kichik sanoat zonasidagi binolarni 3−4 qavat qilib qayta qurish imkoniyatlari haqida gapirdi.

600 mln dollar investitsiya jalb qilish

Shavkat Mirziyoyev Yunusobodda o‘tkazilgan bir hafta o‘rganish davomida 600 mln dollar investitsiya jalb qilish, 35 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish uchun imkoniyatlar aniqlanganini qayd etdi.

U ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yangi yondashuv asosida aniq loyihalarni ishlab chiqish va joylashtirish vazifasini qo‘ydi.

Prezident mazkur sessiyada Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlangan Shavkat Umurzoqov zimmasiga ham xorijdagi yirik shaharlarning sanoat, infratuzilma, tadbirkorlik, kommunal sohalaridagi ijobiy tajribasini Toshkentda joriy qilishni topshirdi.