Telegram`dagi Ekolog.uz kanalida Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi bog‘ yoqib yuborilgani haqida xabar berildi. Unda yong‘in oqibatida 1500 ga yaqin daraxtlar yonib ketgani aytiladi.

Xabarda murojaatchi ushbu holat yuzasidan jinoiy va ma’muriy ish ochilmayotganidan norozi bo‘lib, tegishli tashkilotlardan e’tibor qaratishni so‘ragan.

Keyinchalik Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Ohangaron tumani bo‘limi vaziyatni joyiga chiqib o‘rgangani ma’lum bo‘ldi. O‘rganish davomida murojaatda ta’kidlangan hudud “O‘zbekiston” MFY hududidan oqib o‘tgan Ohangaron daryosi muhofaza mintaqasi ekani, hududda noma’lum shaxs tomonidan o‘t yoqib yuborilgani aniqlangan.

Hududdagi mavjud mevali va manzarali daraxtlar yonib ketishi oqibatida tabiatga zarar yetkazilgan. Bu bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari talablari buzilgan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida inspektorlar tomonidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Shavkat Mirziyoyev mart oyi boshida daraxtlarga shikast yetkazish, jumladan, noqonuniy kesish, ildizi bilan qo‘porish, shikastlash, yo‘q qilish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jarima miqdorini 5 barobarga oshiruvchi qonunni imzolagandi. O‘zgartishlarga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va yosh nihollarga zarar yetkazganlik uchun fuqarolarga — BHMning 25−50 baravari (8,5−17 mln so‘m), mansabdor shaxslarga — 50−75 baravari (17−25,5 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida daraxt ekish bo‘yicha boshlangan loyihaga ko‘ra, Nurafshon, Bekobod shaharlari, O‘rta Chirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar yer 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Har 1 gektar uchun mahalliy budjetdan 100 million so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.