O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi.

Xususan, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat joylari, omborlar, yotoqxonalar va turar joy binolarida, tegishli obyektlarni loyihalash, qurish hamda rekonstruksiya qilish vaqtida yong‘inga qarshi vositalardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshirilmoqda.

Birinchi qoidabuzarlikda fuqarolar uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,1−1 baravaridan (34 ming − 340 ming so‘m) 1−3 baravarigacha (340 ming − 1,02 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun BHMning 1−3 baravaridan 3− 7 baravarigacha (1,02−2,38 mln so‘m) oshiriladi.

Yil davomida takror sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori fuqarolarga BHMning 3−5 baravarigacha (1,02−1,7 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun 7−15 baravarigacha (2,38−5,1 mln so‘m) oshiriladi. Hozirgi vaqtda ushbu huquqbuzarlik uchun jarimalar mos ravishda BHMning 1−3 va 3−7 baravarini tashkil qiladi.

Fuqarolar uchun yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelgan qoidabuzarlik uchun jarima miqdori BHMning 3−5 baravaridan 5−7 baravarigacha (1,7−2,38 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 7−10 baravaridan 15−20 baravarigacha (5,1−6,8 mln so‘m) oshiriladi.

Shaxsning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lganlik uchun jarima jazosi joriy etilmoqda (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 84-moddasi 3-qismi). Bunda jismoniy shaxslar BHMning 10−15 baravari (3,4−5,1 mln so‘m), mansabdor shaxs esa 20−25 baravari (6,8−8,5 mln so‘m) miqdorida jarima to‘lashi kerak.

Bundan tashqari, turli darajadagi yong‘in inspektorlari qo‘llashi mumkin bo‘lgan jarimalar miqdori oshiriladi (249-modda). Yakka tartibdagi tadbirkorlar, ularning xodimlari, mansabdor shaxslar, korxonalar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda yong‘in xavfsizligi sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqilmaydi, balki davlat yong‘in nazorati organlarining (245-moddaning 3-qismi) yurisdiksiyasiga kiradi.

Qonun 15-iyundan kuchga kiradi.