O‘zbekistonda bolalarning tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” preparatini qabul qilganidan keyin ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida uch nafar shifokor ayol qo‘lga olindi.

Oliy sud matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — bosh shifokori, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Feruza Haydarova va ushbu markaz laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim xodim, Sog‘liqni saqlash vazirligi Bolalar bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Nasiba Alimova 7-noyabr kuni Yashnobod tuman sudi qarori bilan hibsga olinib, tergov izolyatoriga joylashtirildi.

16-noyabr kuni esa Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Hilola G‘aniyeva qamoqqa olindi.

Har uchala ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi so‘rov bosh prokuror o‘rinbosaridan kelib tushdi, deya qayd etdi Oliy sud.

“Biri pensioner, biri yolg‘iz boquvchi” — Vrachlar assotsiatsiyasining prezidentga murojaati

Holat yuzasidan O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi Shavkat Mirziyoyevga xat yo‘lladi. Ular xatda qamoqqa olinganlarga nisbatan yengilroq ehtiyot chorasi tanlangan holda tergov harakatlari olib borilishini so‘radi. Quyida xatni to‘liq taqdim etamiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Respublikamizda bolalarning yod preparatidan zaharlangani bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi doirasida Sog‘liqni saqlash tizimida ko‘p yillar samarali faoliyat olib borgan uch nafar shifokor, barchasi fan doktorlari ilmiy unvoniga ega olima ayollar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Ularning qamoqqa olinishiga Jinoyat kodeksi 167-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganliklari asosiy sabab qilib ko‘rsatildi.

Biz bu xabarni eshitgach, mustaqil yuristlarga murojaat etib, ulardan quyidagi xulosani oldik. “Kodeksga muvofiq, aybdor o‘ziga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan taqdirdagina, yuqoridagi modda bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin”. Lekin yod preparati uchun ajratilgan budjet mablag‘lari yuqorida familiyalari qayd etilgan olima ayollarga ishonib ham topshirilmagan, ularning ixtiyorida ham bo‘lmagan.

Chunki mazkur mablag‘larning bevosita taqsimotchisi bo‘lib, Sog‘likni saqlash vazirligi hisoblanadi. Professor F.H. uzoq yillar davomida yuqori malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasida samarali faoliyat olib borgan respublika bosh endokrinologidir. U respublikamizdagi eng ko‘zga ko‘ringan endokrinologlardan biri hisoblanib, qariyb 40 yildan buyon aholi salomatligini ta’minlashga o‘zining hissasini qo‘shib kelgan.

Respublika bolalar bosh endokrinologi N.Alimova va avval Farmatsevtika institutida prorektor bo‘lib ishlagan H.G‘. Ham ta’lim sohasi Hamda aholi salomatligi yo‘nalishida xalqimizga juda ko‘p xizmati singgan xodimlardir.

Bundan tashqari, F.H. pensioner (61 yoshda), H.G‘. esa 13 yoshga to‘lmagan farzandiga yolg‘iz boquvchi (turmush o‘rtog‘i vafot etgan) hisoblanadi. Ushbu olima, shifokor ayollarning qamoqqa olinishini tibbiyot xodimlari juda og‘riqli qabul qilishdi. Shifokorlar hamjamiyati Sizning olib borayotgan siyosatingizga, adolat va xalqparvar ekanligingizga ishonchi cheksiz.

Biz tomonimizdan barcha shifokorlarga bu ishda ham adolat albatta qaror topishi tushuntirilmoqda. O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi mazkur jinoyat ishi bo‘yicha to‘laqonli va har tomonlama xolis tergov olib borilishi hamda aybdorlar qilmishiga yarasha jazolanishi lozim, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, oxirgi 20−25 yillar davomida tibbiyot xodimlarining tergov va suddan yashiringan holati umuman uchramagani uchun shifokor ayollarimizga nisbatan boshqa ehtiyot chorasini tanlagan holda ham tergovni to‘laqonli o‘tkazish mumkin deb hisoblaymiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, shifokor olima ayollarimizga nisbatan yengilroq ehtiyot chorasi tanlangan holda tergov harakatlari olib borilishi masalasining hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishingizni iltimos qilamiz!

Biz, O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi, ushbu ayollarni tergov harakatiga xalaqit bermay, barcha savol-javoblarda qatnashishiga to‘liq kafolat beramiz. Ushbu vaziyatdan xabardor bo‘lib, ijobiy yechim topib berishingizga ishonamiz".

“Antistrumin” voqeasi

O‘zbekistonda 2023-yil 20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlangandi. Unga ko‘ra, har chorshanba kunlari bolalarni yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun ularga profilaktik dozada yod tabletkalari ichirilishi belgilgan.

Ammo oradan 2 kun o‘tib, Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — jami 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berildi.

Shu kunning o‘zida prezident Chustdagi vaziyatdan “qattiq tashvishda” ekani uning matbuot kotibi tomonidan ma’lum qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa o‘rganishlar yakuniga yetguniga qadar tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” №100 mahalliy dori vositasidan foydalanishga taqiq joriy etdi.

Voqeadan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Chust tumaniga borib, bolalar dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanmaganini, bolalarning sog‘lig‘i yomonlashishiga zaharlanish emas, O‘RVI sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Keyinroq prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Namanganga borib, ommaviy zaharlanish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish… odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

25-sentabrga kelib, “Antistrumin” yod preparatini ishlab chiqaruvchi Samo kompaniyasi faoliyatini tekshirish boshlangani xabar qilingan. Shunindek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Samo kompaniyasidan 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd so‘mga tendersiz sotib olgani ayon bo‘lgan.

Shuningdek, Samo farmatsevtika kompaniyasi hamta’sischisi Nodir Yunusov AQShda qidiruvda ekani aniqlangan. Yod preparati bilan bog‘liq mojaro fonida u ta’sischilar safidan chiqqan.

“Bizni dori haqida ogohlantirishmadi”

O‘sha kunlarda Toshkentda ham o‘nlab bolalar RSHTYOIM toksikologiya bo‘limiga zaharlanish alomatlari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar ular yod ichganidan so‘ng xastalanganini ma’lum qilgan. Shifokorlar esa holatning preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. “Gazeta.uz” vaziyatni o‘rgangan (tafsiloti bu yerda).