Open Budget loyihasida 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan ayrim loyihalar uchun mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirli e’lon qilgan Budjetnomada qayd etilgan.

Unda yozilishicha, 2023-yilda Open Budget axborot portaliga kelib tushgan va har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan loyihalar tahlillari asosida jihozlash bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish xarajatlariga 2024-yil Davlat budjeti loyihasida mablag‘lar ko‘zda tutilgan.

Davlat budjeti loyihasida 2024-yilda Tashabbusli budjet uchun 7,0 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 2024-yilda respublika budjetidan 91,9 trln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, shundan vazirlik xarajatlari tarkibida 18,1 trln so‘m keyinchalik qayta taqsimlanadigan ayrim mablag‘lar nazarda tutilgan.

Ushbu qayta taqsimlanadigan mablag‘lar qatorida tashabbusli budjet jarayonlarida qo‘shimcha tarzda g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyashtirish uchun 2,1 trln so‘m ajratilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda prezident loyihada qatnashib, 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma bergandi.