19-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Angren tumanida yuk vagonlari relsdan chiqib ketgani aytilgan xabarlar tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi holat 18-may kuni Chirchiq savdo baraka kompaniyasiga tegishli shoxobcha temiryo‘lida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, BN Grain and oil group MCHJ xodimlari vagonlardan yuk tushurish vaqtida temiryo‘l qurilmasi — “lebedka” (vagonlarning omborlar va binolar yaqinidagi yuklash hamda tushirish joylarida harakatlanishi uchun mo‘ljallangan qurilma) dan foydalanish qoidasiga rioya qilmagan.

Ya’ni mazkur yuk vagonlarini tushirish paytida xodimlar “lebedka” yordamida (kerakli texnikaga rioya qilmasdan) vagonlarni tortib olishga uringan. Oqibatda qurilmadagi tros uzilib, vagonlar harakatlana boshlagan.

Vaziyat davomida BN Grain and oil group kompaniyasi xodimlari vagonlar harakatini to‘xtatishga uringan va oqibatda 2 ta vagon relsdan butunlay chiqib ketgan. Yana 5 tasi yon tomonga ag‘darilgan.

Hodisaning sababi qo‘shimcha qurilma — “lebedka” yordamida ishlash texnologiyasining buzilishi sifatida aniqlandi, deyiladi xabarda.