3−17-may kunlari O‘zbekiston Madaniy meros agentligi va Fransiyaning Milliy meros instituti (Institut National du Patrimoine) Toshkentdagi O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyida rassomning 18 ta asarini restavratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dasturni amalga oshirdi. Bu haqda loyihani amalga oshirishda yordam bergan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishga Patrisiya Verges va uning hamkasbi, rangtasvir bo‘yicha konservator-restavrator Klaudiya Sindako ilmiy rahbarligida Milliy meros instituti vakillari, shuningdek, Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi restavratsiya bo‘limi xodimlari jalb qilindi.

“Ish davomida biz asarlar saqlanayotgan muzey binosi va ularning doimiy ko‘rgazma va to‘plam jildlaridagi muhofaza shartlari xususida xolis baho berishga muvaffaq bo‘ldik. Bundan tashqari, beshta keng miqyosli mato suratlar va kartonga ishlangan ikkita eskizning restavratsiya ishlari olib borilib, hoshiya taxtachalari yangilandi. Qayta tiklangan asarlar muzey ekspozitsiyasiga qaytariladi”, — dedi Patrisiya Verges.

Qo‘shma dastur Golden House yuksalish kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova O‘zbekistonda restavratsiya maktabini rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan muzey xodimlarining yangi avlodini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.