Guliston tumani Soyibobod qishlog‘ida yashovchi 22 yoshli Ziyoda Jo‘raboyevani tumanda ko‘pchilik taniydi. U onasi rahbarlik qiladigan “Ozodbek tuhfasi” fermer xo‘jaligida besh yildan beri traktorchi bo‘lib ishlab keladi. U kichkinaligidan traktorga haydashga qiziqqan, otasining vafot etgach, uning ishini davom ettirish maqsadida traktorchi bo‘lishga qaror qilgan. “Gazeta.uz” muxbiri Sirdaryo viloyatida bo‘lib, traktorchi qiz bilan suhbatlashdi.

Dehqon oilasida tug‘ilib ulg‘aygan Ziyoda Jo‘raboyeva olti farzandning beshinchisi — uning to‘rt opasi va bir ukasi bor. U dala texnikasiga bolaligidan juda qiziqqan, 17 yoshidan esa traktorni mustaqil minishga kirishgan.

“Dadam Olimjon Mirzayev „Ozodbek tuhfasi“ fermer xo‘jaligini boshqarib, traktorchilik ham qilardi. Vafot etganlaridan keyin ko‘pchilik fermerlikni topshiringlar, qiynalasizlar, dedi. Lekin biz otamning ishini davom ettirishga qaror qildik. Bugungi kunda fermer xo‘jaligiga onam rahbarlik qiladi, ammo asosiy ishlarni o‘zim bajaraman, ayamga ko‘makchiman”, — deydi u.

Oilaning besh kishi ishlaydigan xo‘jaligida hozir jami 14 gektar yer bor. Bu yil yerning yarmiga g‘alla, qolganiga paxta ekildi. Tabiiyki, traktor bilan bog‘liq barcha ishlarni Ziyodaning o‘zi bajardi. Umuman, unga traktor haydashning butun sir-asrorlarini qo‘shnisi, fermer Obid Mirziyoyev o‘rgatgan.

“Qo‘shnimiz Obid aka traktor boshqarishni noldan o‘rgatgan. Boshida, albatta, qiyinchilik bo‘ldi, u vaqt juda yosh edim. Traktor haydashni g‘o‘zamizni kultivatsiya qilishdan boshlaganman. O‘shanda rosa quvonganman, chunki orzularimdan biri ushalgandi. Traktor haydasam, zavqlanaman. Yer bilan ishlash menga yoqadi — bor dardingizni shu yerda sochib, keyin uyga borasiz”, — deydi traktorchi qiz.

fermerlar, guliston tumani, sirdaryo viloyati, traktorchi, traktorchi xotin-qizlar, ziyoda jo‘raboyeva

Otasi 2004-yili Toshkent traktor zavodida ishlab chiqarilgan traktordan sotib olgan va umrining oxirigacha shu texnikadan foydalangan. Otasining vafotidan so‘ng u traktorni Ziyoda ishlatdi.

“Ammo u traktor ancha eskirgandi. Har yili ta’mirlataverishdan charchaganimizdan keyin oxiri sotib yubordik. Hozir Obid akaning traktoridan foydalanib turibmiz. O‘zimiz uchun yangisini sotib olishga hozircha moddiy imkonimiz yo‘q, lekin maqsad bor. Chunki har bir fermerning o‘z texnikasi bo‘lishi kerak — texnika suv va havodek zarur”, — deydi Ziyoda Jo‘raboyeva.

Ziyodaning aytishicha, uning traktor haydashiga ko‘pchilik havas qiladi. “Traktor minish hammaga ham emas, deyishadi. Qishloqda ayollar ham, erkaklar ham maqtashadi”, — deydi u.

“Odam hayotga bir marta keladi. Shu sabab o‘z qiziqishi bilan yashashi kerak. Boshqalarning gap-so‘zlariga qarab yashab bo‘lmaydi. Qiziqishim sabab traktor haydashni o‘rgandim. Traktor haydashimni qishlog‘imizda ko‘pchilik biladi, zavodlarga ham o‘zim haydab boraman. Traktor haydashning zavqi boshqacha”, — deydi u.

fermerlar, guliston tumani, sirdaryo viloyati, traktorchi, traktorchi xotin-qizlar, ziyoda jo‘raboyeva

Ziyoda Jo‘raboyeva kelgusi rejalari haqida gapirarkan, fermer xo‘jaligining yer maydonini kengaytirish, traktor, alohida uy va shaxsiy mashina sotib olish niyati borligini aytadi. “Bundan tashqari, rejamda oliy o‘quv yurtida o‘qish ham bor”, — deya qo‘shimcha qildi traktorchi qiz.

Traktorchi qiz Ziyoda Jo‘raboyeva haqida tayyorlangan material bilan “Gazeta.uz"ning YouTube’dagi sahifasida video shaklida to‘liq tanishish mumkin.