O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni Tashkent City xalqaro biznes markazi hududida yangi mehmonxonalar va opera teatri qurilishi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Gap anjumanlar markazi va Hilton mehmonxonasi yonida joylashgan konsertlar va opera tomoshalari uchun 150 o‘rinli ikki qavatli bino haqida ketmoqda. Binoning balandligi 12 metr, kengligi 23 metr, uzunligi 44 metr bo‘ladi. Shuningdek, ovoz yozish, kiyim almashtirish xonalari, bufet, oshxona, tibbiyot xonasi, garderob bo‘ladi.

Opera teatri hududida avtoturargoh va favvora ham qurilmoqda. 4000 kv. m maydonda obyektni qurish loyihasi turk kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Ishlarni 15 kun ichida yakunlash rejalashtirilgan.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majmua “majmua yurtimizda san’at rivojini yangi darajaga ko‘tarish, madaniy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga xizmat qiladi”.

Prezident Tashkent city`da qurilishi yakuniy bosqichida turgan yana bir qator inshootlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Dastlab, Tashkent city lotlarida opera teatri qurilishi nazarda tutilmagan.

2021-yilning noyabrida “Gazeta.uz” Milliy bog‘ hududidagi ikkinchi ko‘l qanday quritilgani ma’lumot bergan edi. Dastlab, uning o‘rniga Milliy akademik drama teatrining yangi binosi qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, keyinchalik rejalar o‘zgarib, prezident taklifiga ko‘ra opera teatri qurishga qaror qilindi.

Hukumatning “maxfiy” qarori doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashkent City xalqaro biznes markazi direksiyasi qurilish uchun buyurtmachi, Enter Engineering PTE — bosh pudratchi, Oil and Gas Design kompaniyasi — bosh loyihachi etib tanlangan. Qurilish 2021-yil 1-aprelda boshlangan va 2023-yilga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.