Ukraina qo‘shinlari Xarkov viloyati shimolida rus armiyasining hujumi bilan vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda 17-may kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi, deb yozadi “Ukrainskaya pravda (Ukraina haqiqati)” nashri.

“Bugungi kun uchun asosiysi — Mudofaa kuchlarimiz vaziyatni barqarorlashtirdi… Bugun Mudofaa kuchlari ruslarni hozir turgan joyida barqarorlashtirdi. Ularning eng kuchli harakatlanish nuqtasi — 10 kilometr. Ba’zi dushman brigadalari yo‘nalishi bo‘yicha hech qanday siljish yo‘q va bo‘lgani ham yo‘q”, — dedi Zelenskiy (iqtibos “Ukrainskaya pravda”dan keltirilgan).

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ruslar “mudofaaning aniq chizig‘i”ga yetib bormagan va ular dastlabki chiziqqa yaqin turibdi. “Birinchi chiziq chegara emas, u yerga joylashib bo‘lmaydi, chunki bizning xalqimiz ruslar qo‘llagan qurollar tufayli halok bo‘ldi. Ular hozir taxminan o‘sha yerda”, — dedi u.

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya qo‘shinlarining asosiy maqsadi Volchansk shahri va 10 kilometrlik hududni egallab olishdir. Avvalroq Reuters ham Rossiya shu yo‘l bilan bufer zona yaratishga urinayotgani haqida yozgandi.

Amerikaning urushni o‘rganuvchi instituti (ISW) ham bir kun oldin Rossiyaning Xarkov viloyati shimolidagi hujum operatsiyalari tezligi pasayayotganini aytgandi. ISW hisob-kitoblariga ko‘ra, rus qo‘shinlari Xarkov viloyatidagi chegaradan 8 kilometrdan ko‘proq oldinga siljiy olmagan.

Avvalroq Zelenskiy frontdagi og‘ir vaziyat tufayli Ispaniyaga tashrifini bekor qilib, Xarkovga kelgandi. 16-may kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida u Xarkov yo‘nalishidagi vaziyat “juda jiddiy” ekanligini va Ukraina kuchlari Xarkovni yo‘qotishni qabul qilolmasligini aytgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Rossiyaning Xarkov viloyatidagi hujumiga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya “bugungi kunda” Xarkovni egallashni rejalashtirmagan va rus qo‘shinlari Belgorodning Ukrainadan o‘qqa tutilganiga javoban mintaqada qat’iy reja bo‘yicha harakat qilmoqda.

  • Rossiya 10-may kuni Xarkov viloyatida yangi hujum boshladi. Bu vaqt ichida rus qo‘shinlari Ukraina bilan chegaradosh bir qancha qishloqlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi.
  • G‘arb harbiy tahlilchilariga ko‘ra, yangi front yordamida Rossiya qo‘shinlari frontning boshqa tarmoqlaridan Ukraina armiyasini chalg‘itmoqchi. “Rossiyaning maqsadi Xarkovni olish emas, balki shaharga yaqinlashib, artilleriya bilan tahdid qilish orqali uni qo‘rqitishdir”, deb yozadi Rob Li va Maykl Koffman “The New York Times” ruknida. Ularning ta’kidlashicha, Rossiya e’tiborini Donetsk viloyatining qolgan qismini egallab olishga qaratgan.