O‘zbekistonda iste’molchilarning ko‘rsatilgan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha debitor qarzdorligi 1 trln so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda 16-may kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“O‘zsuvta’minot” AJ departament direktori Zuhriddin Zayniddinovning ta’kidlashicha, qarzdorlikning 73 foizi yoki 740,5 mlrd so‘mi jismoniy iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Yuridik iste’molchilarning esa 272,5 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud. Viloyatlar kesimida eng ko‘p qarzdor hududlar Toshkent shahri (283,9 mlrd so‘m), Andijon (115,6 mlrd so‘m) va Toshkent (92,1 mlrd so‘m) viloyatlari hisoblanadi.

“Tahlillarga ko‘ra, iste’molchilarning 2,2 milliontasi 1 mln so‘mgacha qarzdor bo‘lsa, qolgan 155 mingtasining qarzdorligi 1 mln so‘mdan ziyodni tashkil qiladi”, — dedi departament direktori.

ichimlik suvi, oqova suv, узsuvтаъминот, qarzdorlik

Departament direktori Zuhriddin Zayniddinov / Foto: “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati

“O‘zsuvta’minot” AJ bo‘lim boshlig‘i Shahboz Sarmanovning so‘zlariga ko‘ra, jami qarzdorlarning 455 mingtasi oxirgi ikki yilda to‘lov amalga oshirmagan va ularda qarzdorlik shakllanib borgan. Bundan tashqari, 688 mingta iste’molchi so‘nggi bir yil ichida ichimlik suviga to‘lov qilmagan.

“Iste’molchilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda sohadagi korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida aholi nazoratchilari uchun inson omilisiz raqamlashtirilgan KPI tizimi joriy etildi. Bugungi kunda sohadagi 2,3 mingdan ortiq nazoratchi xodimlarning ish samaradorligi mazkur KPI tizimi orqali baholanib kelinmoqda, barcha ko‘rsatkichlarni bajargan xodimlarimizga 9 mln so‘mgacha maosh to‘lanmoqda. Olib borilayotgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-aprel oylarida pul undiruvi 886 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobar yoki 363 mlrd so‘mga ko‘p mablag‘ undirilishiga erishildi”, — dedi Zuhriddin Zayniddinov.

Uning qayd etishicha, qarzdor iste’molchilarga 2024-yilning o‘tgan davrida jami 1,6 millionta ogohlantirish SMS xabarnomalar yuborilgan. Shu orqali onlayn to‘lovlarning pul tushumidagi ulushi 74 foizga yetkazilgan. “Shuningdek, qarzdorligi mavjud iste’molchilarning 13 mingtasini ichimlik suv tarmog‘idan uzish ishlari amalga oshirildi. 65,3 mingta holatda jami 215 mlrd. so‘mlik qarzdorliklar sud organlariga topshirildi. Natijada aholi qarzdorliklari yil boshiga (757 mlrd so‘m) nisbatan 16,2 mlrd.so‘mga qisqarishiga erishildi”, — dedi departament direktori Zayniddinov.