Ijtimoiy tarmoqlarda Equinox rusumli davlat raqami 01 K 777 GA bo‘lgan avtomashina haydovchisi Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Ko‘kcha darvoza ko‘chasida katta tezlikda boshqa avtomobilga borib urilgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda haydovchi bir qo‘li bilan rulni ushlab, boshqa qo‘lida telefon kamerasi orqali video olib ketayotganini ko‘rish mumkin. O‘sha paytda svetoforning qizil chirog‘iga yaqinlashib, to‘xtashga ulgurmay, mashina yo‘q birinchi qatordan uchinchi qatorga o‘tib, Nexia-3 bilan to‘qnashdi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, YTH 16-iyul kuni taxminan soat 16:15 da Ko‘kcha darvoza va Saqichmon ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Equinox avtomashinasini 18 yoshli M.R (2005-yilda tug‘ilgan) boshqargan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi (1990 va 1986-yillar) tan jarohati olgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi / bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari yoki 1 million 65 million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi) va 133-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi / BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

2023-yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda 5772 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ularda 5448 kishi jarohatlangan, 1415 kishi halok bo‘lgan. Yetti oylik statistikada esa YTH oqibatida vafot etganlar soni 1115 nafar edi.