Qozog‘iston O‘zbekistonga ma’lum shartlar asosida neft yetkazib berish hajmini oshirish masalasini o‘rganishga tayyor. Bu haqda chorshanba kuni Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.kz.

“O‘zbekiston tomoni Xitoy yoki boshqa xorijiy davlatlarga qaraganda yaxshiroq narx va shartlarni taklif qilsa, yetkazib berish hajmini oshirishni ko‘rib chiqishga tayyormiz. Qolaversa, bu masala o‘zbekistonlik hamkasblar va Qozog‘istonning yer qa’ridan foydalanuvchilari bilan allaqachon muhokama qilingan”, — dedi u.

Vazir o‘rinbosari Rossiya nefti O‘zbekiston bozorida qozoq neftini siqib chiqarayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Bu yolg‘on. Ayni paytda O‘zbekistonga 87 ming tonna Qozog‘iston nefti tashilmoqda. Ta’minot shartlarini yaxshilash bo‘yicha kelishib olsak, shunga mos ravishda hajm ham ortadi. Qozog‘iston neftini boshqa yo‘nalishlardan jo‘natishimiz mumkin bo‘ladi. Haqiqatan ham Rossiya nefti yetkazib berilmoqda, ammo ular bizning qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilarning hajmidan ancha past”, — dedi Yerlan Akkenjenov.

Aniqlik kiritilishicha, O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha neft yetkazib berish Shag‘ir (Chimkent) va Qasimov neft nasos stansiyasidan (Atirau) amalga oshiriladi.

Rossiyaning “Vedomosti” nashri Rossiya nefti Qozog‘iston neftini O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarayotgani haqida xabar bergan edi. Joriy yil ikkinchi choragida loyiha quvvati yiliga 5,5 mln tonna neftni tashkil etuvchi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yo‘nalishi bo‘yicha Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya neftining quvurlar orqali tranziti joriy yilning birinchi choragiga nisbatan qariyb 4 barobar oshdi va 37,9 ming tonnaga yetdi.

Rossiya eksportining bir qismi temir yo‘l orqali amalga oshirilmoqda. Yilning birinchi yarmida Rossiya temir yo‘l orqali O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini 2022-yilning shu davriga nisbatan 5,2 barobarga oshib, 1,2 mln tonnaga yetkazdi. Bunda umumiy hajmning atigi 0,6 foizini xom neft, 28 foizini benzin, 20,8 foizini yoqish mazuti tashkil etdi, dedi Tabiiy monopoliyalar muammolari institutining yuk tashish tadqiqot bo‘limi rahbari Aleksandr Slobodyanik.

Yil boshida O‘zbekiston Rossiya bilan 300 ming tonna Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan edi. “KazTransOil” mart oyida O‘zbekistonga 250 ming tonna Rossiya neftini tashish rejasini e’lon qilgan edi, biroq avgust oyida prognoz 180 ming tonnagacha kamaytirildi. Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘lda 48,5 ming tonna Rossiya nefti yetkazib berilgan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda 131,5 ming tonna import qilish rejalashtirilgan.

2022-yilda Qozog‘iston O‘zbekistonga 87 ming tonna, joriy yilning 9 oyida, garchi 2023-yilda 300 ming tonna yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lsada, 46 ming tonna neft eksport qildi. Bu Qozog‘iston neftining Rossiya tomonidan siqib chiqarilishidan dalolat berishi mumkin. Qozog‘iston hududi orqali 300 ming tonna Rossiya neftini tranzit qilish bo‘yicha kelishuvga muvofiq, yil boshidan buyon O‘zbekistonga 79 ming tonna yetkazib berildi.

6-oktabr kuni Rossiya va O‘zbekiston neft yetkazib berish, shuningdek, temir yo‘l orqali neft mahsulotlarini yetkazib berish sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Mazkur hujjat Rossiya prezidentlari Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolandi. Kutilayotgan ta’minot hajmi aniqlanmagan.