Toshkent shahri Chilonzor tumanida BYD Han avtomashinasining 22 yoshli haydovchisi hududga jalb qilingan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xumoyun Sharipovni urib yubordi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea 12-may kuni soat 19:20 atrofida Lutfiy ko‘chasida sodir bo‘lgan. Haydovchi harakati inspektorda shubha uyg‘otgan va u haydovchiga jezl va hushtak yordamida to‘xtatishga ishora qilgan.

Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan fuqaro O.A. inspektorning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, boshqaruvni davom ettirgan. 150−200 metr o‘tib ortiga qayrilib olgan. Shunda YPX inspektori qayta to‘xtash ishorasini berib, avtomashinalar harakatini to‘liq to‘xtatgan.

O.A. IIO xodimining qonuniy talablarini qasddan bajarmagan holda inspektorni ustiga mashinasini haydab, uni urib yuborgan. Oqibatda xodim Humoyun Sharipov ikkala son suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.