“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning aprel oyi yakunlariga.

Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil aprel oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan mart oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

Sulton Ali Rahmatov nega 13 yil konsert qo‘ymadi?

“Assalom O‘zbekiston”, “Ikkinchi simfoniya”, “Sehrli tun”, “Sirli dunyo” singari musiqalari mashhur bo‘lgan o‘zbekistonlik sozanda va bastakor Sulton Ali Rahmatov 18−21-aprel kunlari 13 yillik tanaffusdan so‘ng ilk konsertini taqdim etdi. “Gazeta.uz” konsert arafasida bastakor bilan suhbatlashdi.

Biz hamkorlik o‘rnatishni xohlaymiz — Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonda

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri, sobiq bosh vazir, lord Devid Kemeron 23-aprel kuni O‘zbekistonda bo‘ldi. U mamlakat tashqi ishlar vaziri, Senat raisi bilan uchrashdi. “Buyuk Britaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni istaydi va qaysidir tomonlarni tanlashni so‘ramaydi. Biz hamkorlik o‘rnatish uchun bu yerda bo‘lishni xohlaymiz”, dedi u jurnalistlarga bergan izohida. “Gazeta.uz” Britaniya vaziri bilan suhbatlashib, uning tashrifi bo‘yicha lavha tayyorladi.

Rus tilida: “Tashabbusli budjet”da ovozlar qancha turadi?

Aprel boshida “Tashabbus budjet”ning navbatdagi mavsumi uchun ovoz berish tugadi. Ovoz berish tugashiga ikki kun qolganda ayrim joylarda bir ovoz narxi 50 ming so‘mgacha ko‘tarildi. “Gazeta.uz” muxbiri Yevgeniy Sorochin Toshkentning odamlar gavjum joylarini kezib, turli tashabbuslarga ovoz yig‘ayotganlardan ovoz uchun qancha to‘lashga tayyor ekanliklarini so‘radi.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. Botir Qodirov konsertidan reportaj

Xonanda Botir Qodirov 25−30-aprel kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert berdi. “Afisha.uz” muxbirlari konsertda bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Spot. OSON to‘lov tizimi asoschisi o‘zi bilan nimalar olib yuradi?

Spot tadbirkorlar va top-menejerlar ishda nimalardan foydalanishi haqida ma’lumot beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettirmoqda. Bu safargi materialda OSON to‘lov tizimi asoschisi va rahbari Farhod Mahmudov bilan suhbatlashildi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube-loyihalardan ayrimlarining 2024-yil aprel oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

BekipediA. Dollar ishonchlimi? — Oson boyib ketish (moliyaviy piramidalar)

Activist. Activist loyihasi o‘z faoliyatini butunlay yakunladi

Aprel oyida o‘zbek YouTube`ida ikkita kutilmagan yangilik bo‘ldi. Ulardan birinchisi — Hojiakbar Nosirov Activist loyihasi faoliyati butunlay yakunlaganini e’lon qildi.

Subyektiv. Men Subyektiv`dan ketdim.

Oy davomidagi ikkinchi kutilmagan yangilik Subyektiv loyihasi muallifi Jamshidxon Ziyoxonov loyihani tark etgani bo‘ldi. “Shuncha vaqt mobaynida birga bo‘lib, qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat!”, — deb izoh yozdi u loyihadan ketayotgani haqidagi video ostida.

U kim edi? Islom dunyosida birinchi ayol davlat rahbari | Qora atirgul | Benazir Bhutto

Nurbek Alimovning tarixiy shaxslar haqida hikoya qiluvchi “U kim edi?” loyihasining so‘nggi sonlaridan biri Pokiston sobiq bosh vaziri Benazir Bhuttoga bag‘ishlandi.

Coqqa. Kulgu qancha turadi? Elmurod Haqnazarov, Qobil Karimberdiyev, Abu Bakr Fozilov

Yumorda pul bormi? Yumoristlar qanday pul topadi va uni qanday sarflaydi? Mazkur savollarga javob topish uchun stendaper Mirshakar Fayzulloyev o‘zining yangi — “Soqqa” nomli loyihasida turli yo‘nalishlardagi uch yumorist bilan tajriba, xatolar, xulosa haqida gaplashdi.

Lolazor. “Lolazor” qaytdi, latifalar mavsumi boshlandi.

“Lolazor” podkasti Ramazon arafasida 1-mavsumni tugatib, tanaffusga chiqqandi. Aprelda podkastning 2-mavsumiga start berildi. Podkastning 17-sonida (yoki 2-mavsum 1-sonida) ijtimoiy tushkunlik, elektromobillar importi uchun joriy etilayotgan ayrim cheklovlar, bankirlar uyg‘ongani haqidagi nazmiy trend, energetika yangiliklari, maktablar hududining sotilishi, o‘qituvchilar oyligidan pul ushlab qolishlar, keraksiz tungi navbatchiliklar va boshqa mavzularda suhbatlashilgan.

Fikr yetakchilari. Katta miflar, asossiz qo‘rquvlar va tashqi qarzlar, qo‘shnilar, suv-yer erkinligi — Umida Haqnazar

Fikr yetakchilari podkastining 8-sonida Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha yuridik ekspert Umida Haqnazar mehmon bo‘ldi va asossiz qo‘rquvlar, tashqi qarz, qo‘shnilar, suv-yer erkinligi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Markaziy sektor. Mirzahakim To‘xtamirzayev — sharh, Kuperni tan olmasligi va Katanets bilan teskari dialog haqida

“Markaziy Sektor” loyihasining 7-sonida sport sharhlovchisi va jurnalisti, pedagog va bir necha darsliklar muallifi Mirzahakim To‘xtamirzayev mehmon bo‘ldi.

Texnoplov. Tovushni ko‘rdim!

“Texnoplov”ning bu safargi sonida tovush aslida nima ekani, odam nima uchun uni eshitishi, insonga o‘zining yozib olingan ovozi nima uchun boshqa insonnikidek tuyulishi, ko‘rshapalak uchishining tovush bilan bog‘liqligi, akustika va shunga o‘xshash mavzularda gap boradi.

Alter Ego. Yangi O‘zbekiston sari yo‘l.

O‘zbekistonda hali ham bozor zaif, byurokratiya va korrupsiya mavjud. Kirill Altmanning Alter Ego loyihasi navbatdagi sonida mamlakat iqtisodiyotining bunday kasalliklarini qanday davolash kerakligi va barqaror o‘sishga erishish uchun bugun nima qilish kerakligi haqida iqtisodchi Yuliy Yusupov va tadbirkor Vyacheslav Chukreyev bilan suhbat uyushtirildi.

Bu podcast. Davlatga dushman, xalqqa do‘st — Troll.uz

“Bu podcast” loyihasining navbatdagi sonida bir nechta loyihalar, jumladan, Troll.uz, Pakapak, Tanish Bilish reklama agentligi va Tirikchilik asoschisi Umid Gafurov mehmon bo‘ldi. Podkast davomida u o‘zining xayoti, loyihalari va rejalari haqida gapirib berdi. Shuningdek, oy davomida “Bu podcast” loyihasida animelarni o‘zbekchaga o‘girish bilan shug‘ullanuvchi “Anibla” jamoasi ham mehmon bo‘ldi.

Pakapak. iPhone 15 Pro Max vs Xiaomi 14 Ultra — battle!

Xiaomi 14 Ultra versus iPhone 15 Pro Max! Qaysi biri yaxshiroq? Pakapak Battle rubrikasining bu galgi sonida ko‘proq bu ikkala smartfon kameralari solishtirib ko‘rildi. Yo‘l-yo‘lakay dizayn, texnik tavsif va dasturiy imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berilgan.

“Diqqat, savol!”. “Zakovat”ning foydasi. Savollar qanday tanlanadi?

“Zakovat” harakati kanalida Nurbek Alimov muallifligida “Diqqat, savol!” podkasti yo‘lga qo‘yildi. Uning 1-sonida “Zakovat” klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev, klubning taniqli bilimdonlari Saidkamol Abdurazzoqov va Saidikrom Rasulev mehmon bo‘ldi.

Lolaqizg‘aldoq. Top-10 filmlar ro‘yxati.

“Lolazor” podkasti mualliflari YouTube uchun yana bir yangi loyiha boshladi. “Lolaqizg‘aldoq”da loyiha mualliflari tanlovi asosida turli mavzularda reytinglar/ro‘yxatlar tuziladi. Loyihaning ilk sonida TOP-10 filmlar ro‘yxati taqdim etilgan.

Muvaffaqiyat kalitlari. Men o‘zbekman!

102 tv loyihasining “Muvaffaqiyat kalitlari” podkasti navbatdagi sonida O‘rikguli taxallusi bilan tanilgan ekobloger Mo‘’tabar Xushvaqtova mehmon bo‘ldi.

Uzbekonomics. Aholining o‘sishi va iqtisodiy farovonlik.

Iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov bu safargi podkastida qanday qilib aholi sonining ko‘payishi yoki kamayishi bir mamlakatning iqtisodiy farovonligiga ta’sir etishi mumkinligini muhokama qildi.

Susambil. Maxluqlar olamiga sayohat: Godzilla, King-kong va boshqalar.

“Susambil”ning bu sonida “Monstervers”, ya’ni maxluqlar olami haqida gap boradi. “O‘zi ushbu olam kimlar tomonidan o‘ylab topilgan, maxluqotlarning yaratilish tarixi qanday bo‘lgan?” savollari ushbu sonning asosiy mavzusi bo‘lgan.

+1 Podcast. Bizni nima kutmoqda? Biolog Ravshan Sobirov bilan suhbat.

Inson iloji boricha ko‘proq vaqt yosh va sog‘lom bo‘lib qolishi uchun qanday yashashi va nimalar qilishi kerak? Insoniyat uchun eng xavfli kasalliklardan biri bo‘lgan va kelib chiqish sabablari haligacha to‘la o‘rganilmagan saratonning davosi bormi? Virus va bakteriyalar qanday paydo bo‘ladi? “+1 Podcast”ida biofizik olim va biologiya fanlari doktori, akademik Ravshan Sobirov bu kabi savollarga javob berdi.

Sigma Podcast. Dunyodagi eng baxtli davlatda yashaydigan o‘zbek | Doniyor Urishov

“Sigma Podcast”ning navbatdagi sonida Finlyandiya texnik ilmiy markazida tadqiqotchisi Doniyor Urishov Finlyandiyada ish va hayot, madaniy shoklar, o‘zining sohasi bo‘lgan quyosh panellari, batareyalar va fizika haqida fikr bildirdi. Podkastda aprel oyi davomida “Akademnashr” rahbari Sanjar Nazar bilan ham qiziqarli suhbat e’lon qilindi.

Qurultoy. O‘zbekiston tarixida shaharlar va shaharchilikning o‘rni.

“Qurultoy”ning ko‘p sonlarida ko‘chmanchi madaniyat haqida suhbatlashilgan, uning ahamiyatini tushuntirishga harakat qilingan. Ammo mintaqada o‘troq madaniyatning roli ham juda katta hisoblanadi. “Qurultoy”ning navbatdagi sonida O‘zbekiston shaharlarining o‘tmishi, umuman Markaziy Osiyo shaharchiligi tarixi haqida so‘z boradi. Ushbu son mehmonlar tarixchi olimlar, falsafa doktorlari Munira Hotamova va Sur’at Kubayev bo‘ldi.

SS podcast. Ayrim muammolarga matematik nuqtai nazar

O‘zbekistonda xalqaro darajadagi matematiklar bormi? Ular yiliga qancha pul topa olishi mumkin? “SS podcast”ning navbatdagi sonida fizika-matematika fanlari doktori Karim Rahimov, matematikaga oid kitoblar muallifi Sardor Bozorboyev, “Abituriyent” gazetasi va kitobi muallifi Azimjon Mahmudov, “Sodiq School” maktabi asoschisi, matematika fani ustozi Hasanxo‘ja Muhammad Sodiq shu kabi savollarga javob izladi.

Push and Pull. O‘zbekistondagi Netflix asoschisi, nega hali ham kino ko‘rish madaniyati rivojlanmagan — ITV asoschisi

“Push and Pull” loyihasida “ITV” rahbari Yahyo Abdullayev mehmon bo‘lib, striming va kino sanoatidagi vaziyat va muammolar, qanday qilib O‘zbekiston ham bu yo‘nalishida rivojlanishi mumkinligi haqida fikrlarini bildirdi.

Hoshimov iqtisodiyoti. Mamlakatlarga konstitutsiya nima uchun kerak?

Iqtisodchi Behzod Hoshimov muallifligidagi “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasining navbatdagi sonida Chikago universiteti professori, huquqshunoslik va siyosatshunoslik yo‘nalishidagi olim Tom Ginsburg bilan konstitutsiyalar nimaga kerakligi haqida suhbat bo‘ldi.

Qo‘shtirnoq podkast. O‘zbek kinosining kelajagi qanday ahvolda?

O‘zbek yosh rejissorlari kimlar? O‘zbek kinosining kelajagi hisoblangan yoshlar — Hilola Karimova, Sardor Faxriddinov, Feruz Bahodirov kinoning kelajagi haqida nima deydi? Bu podkastda ular duch kelayotgan to‘siqlar va kino haqida gap boradi.

Olmoniston. Hujayra biologiyasi, gen va fitna nazariyalari.

“Olmoniston” loyihasining bu galgi sonida hujayra biologiyasi bo‘yicha uzoq yillardan beri Germaniyada tadqiqotlar qilib, hozirda Marburg universitetida faoliyat olib borayotgan Sharof Xudoyberdiyev mehmon bo‘ldi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.