O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Imzolash “Kelajak sari ko‘prik” shiori ostida 4−5-may kunlari Tbilisida (Gruziya) bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 57-yillik yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchilik qildi.

Hujjatni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev hamda OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov imzoladi.

Dasturga kiritilgan loyihalar “O‘zbekiston — 2030″ taraqqiyot strategiyasi bilan hamohangdir”, — deyiladi vazirlik xabarida. Loyihalar soni ko‘rsatilmagan.

отб

OTBning Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz” so‘roviga javoban bank va O‘zbekiston hukumati tomonidan kelgusi yillar uchun rivojlanish loyihalari taxminiy belgilab qo‘yilgani hamda o‘rta muddatli maqsadlar har yili tahlil qilinib, yangilanib borilayotganini ta’kidladi.

“Bankning maqsadi O‘zbekistonda energetika, transport, suv ta’minoti va shahar infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslarni boshqarish, moliya, davlat sektori va boshqaruvi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish, bilim va innovatsion yechimlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat”, — deya ta’kidladi OTB.

Avvalgi dasturda 2022−2024-yillarda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarlik 27 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.

O‘zbekiston 1995-yilda OTBga a’zo bo‘lgan. 1998-yilda OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochilgan. Bank tomonidan O‘zbekiston suveren portfeliga taqdim etgan mablag‘larning umumiy hajmi 12 milliard dollarga yetdi. O‘tgan yili OTB 4 ta suveren loyiha va 2 ta dasturga 6 ta kredit va 1 ta grant ajratdi.