2024-yilda Samarkand Marathon xalqaro xayriya yugurish musobaqalari turkumiga 5 yil to‘ladi. Bu yilgi birinchi tadbir Zaamin Ultra 2024 xalqaro ultramarafoni bo‘ladi, deya xabar qildi tashkilotchi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.

Zaamin Ultra 2024 marafoni 1−2-iyun kunlari Jizzax viloyatidagi Zomin milliy tabiat bog‘ida bo‘lib o‘tadi. Yugurish yo‘lagi dengiz sathidan 2200−2500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, bu oltita Toshkent teleminorasiga teng.

“Bu yil biz Samarkand Marathon turkumiga mansub xalqaro xayriya yugurish musobaqalarining besh yilligini nishonlaymiz. Unga asos solinganidan buyon o‘z tadbirlarimizni O‘zbekistonda butun dunyodan tashrif buyuruvchi ishtirokchilarni birlashtiruvchi sport, madaniyat va san’atga bag‘ishlangan shodiyona sifatida targ‘ib etamiz. Tadbirlarni yanada keng miqyosli va qiziqarliroq uyushtirishga, ishtirokchilarning yangi qatlami, shu jumladan, respublikaning barcha hududlaridagi yoshlarni jalb etish ustida muntazam ravishda ishlab kelmoqdamiz”, — dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Festival ishtirokchilari va mehmonlari tadbirdan quyidagilarni kutishlari mumkin:

  • Zomin milliy bog‘ining tog‘li yo‘lagi va manzaralari;
  • butun oila a’zolari uchun qo‘ngilochar tadbirlar: qoyaga ko‘tarilish, Suffa platosiga qaragan manzarada havo sharida sayr;
  • poyga arafasidagi oqshomda elektron musiqa konserti.

Bu yil barcha xayriya yugurish musobaqalari uchun an’anaga aylanuvchi yangi ekologik plogging (yugurish asnosida chiqindilarni to‘plash) tashabbusi joriy etiladi. Ishtirokchilar ikki kunlik festivalni birgalikda yugurish va chiqindilardan tozalash hashari bilan yakunlaydi. Mazkur tashabbus tabiat bog‘ini yagona maqsad sari birlashish va tabiat bog‘ini uning asl qiyofasida saqlashga xizmat qiladi.

Yugurish masofalari:

50K — ushbu yo‘lakda ko‘z o‘ngingizda butun tog‘ tizmasi, jumladan, Turkiston va Molguzar namoyon bo‘ladi. Yugurish yo‘lagining eng baland nuqtasi dengiz sathidan 2500 metrni tashkil etadi. Balandlikka ko‘tarilish — 1535 metr.

21K — yarim marafonchilar jami 635 metr balandlik tafovuti bilan o‘zlarini 21 kilometrlik masofada sinab ko‘rishlari mumkin. Yugurish yo‘lagida ishtirokchilar barcha uch irmoq — Kattashir, Qizilmozor va Obiko‘l bo‘ylab yuguradi.

10K — ishtirokchilar Qizilmozor tog‘ soyi va Cho‘rtangi darasi yonbag‘ri manzarasi namoyon bo‘ladigan kuzatuv maydonchasigacha yugurib boradi. Balandlikka ko‘tarilish — 370 metr.

2K — ushbu qisqa masofa tog‘ poygalari bilan tanishishni endigina boshlagan havaskor chopqirlar uchun mo‘ljallangan. Yugurish yo‘lagi start shaharchasi va Kattashir tog‘ soyining kaftdek ko‘rinishini ochib beradi.

1-iyun kuni poyga arafasida ochiq osmon ostidagi sahnada elektron musiqa konserti bo‘lib o‘tadi, unda mahalliy dijeylar, shuningdek, Qaraqoom loyihasi chiqish qiladi. Ular O‘rta Osiyo xalqlariga xos ohanglar va zamonaviy elektron musiqani o‘z asarlarida birlashtirgan ijodkorlardir.

Marafon uchun ro‘yxatdan o‘tish — bu yerda.