Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2023-yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga bahosiga o‘zgartishlar kiritib, 2023-yilgi prognozini yaxshiladi. Yangi prognoz fondning oktabr oyidagi jahon iqtisodiyoti rivojlanish istiqbollari to‘g‘risidagi hisobotida keltirilgan.

XVJ joriy yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga o‘sishini kutmoqda. Aprel oyida fond 5,3 foizlik o‘sishni prognoz qilgan edi. 2024-yilgi YAIM o‘sishi bo‘yicha prognoz 5,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi.

2023-yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston (4,6 foiz), Qirg‘iziston (3,4 foiz) va Turkmanistondan (2,5 foiz) oldinda, lekin Tojikistondan (6,5 foiz) ortda qolmoqda.

O‘zbekistonning joriy to‘lov balansi joriy yilda XVF prognozlariga ko‘ra, 2022-yildagi -0,8 foizga nisbatan -4,3 foizni tashkil etadi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich -4,6% gacha ko‘tariladi.

XVJ, shuningdek, O‘zbekistonda inflyatsiya 2022-yildagi 11,4 foizdan 2023-yilda 10,2 foizga, 2024-yilda esa 10 foizgacha pasayishini bashorat qilmoqda.

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi, XVJ kutganidek, joriy yilda 8,4 foizgacha (2022-yilda 8,9 foiz), 2024-yilda esa 7,9 foizgacha pasayadi.

Jahon YAIM

XVF 2023-yil uchun global yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini 3 foiz darajasida saqlab qoldi, lekin 2024-yil uchun uni 3 foizdan 2,9 foizga tushirdi. Hisobotda qayd etilishicha, bu “tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada past”.

“COVID-19 pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan global tiklanish jarayoni sekin va notekis davom etmoqda… Iqtisodiy faollik pandemiyadan oldingi darajadan orqada qolishda davom etmoqda, ayniqsa, bozor shakllanayotgan va rivojlanayotgan mamlakatlarda, mintaqalar o‘rtasidagi tafovut esa kuchayib bormoqda”, — deyiladi fond hisobotida.

XVJ jahon iqtisodiyotining tiklanishiga to‘sqinlik qilayotgan sabablar qatorida bloklarda o‘sib borayotgan geoiqtisodiy parchalanish va markaziy banklar siyosatining keskinlashuvi oqibatlari borligini qayd etdi.

Avvalroq XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva 2020−2023-yillardagi turli zarbalardan jahon iqtisodiyotining umumiy yo‘qotishlari 3,7 trln dollarni tashkil etganini ma’lum qilgandi.