O‘zbekistonda ko‘mir qazib olish hajmini 2024-yilda 8 mln tonnaga, 2025-yilda esa 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

13-may kuni prezident huzurida ko‘mir qazib chiqarishni oshirish rejalari bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Qayd etilishicha, mamlakatda ko‘mir zaxiralari qariyb 2 mlrd tonnani tashkil etadi. Ko‘mir qazib olish hajmi 2016-yilda yiliga 4 mln tonnadan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 6 mln 550 ming tonnaga yetgan (avvalroq prezident huzuridagi Statistika agentligi 2023-yilda mamlakatda ko‘mir qazib olish hajmi 6,19 mln tonnaga yetganini qayd etgandi).

2023-yilda qazib olingan ko‘mirning 369 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan qazib chiqarilgan. Taqdimotda prezidentga sohadagi rejalar haqida ham axborot berildi.

2024-yil ko‘mir qazib chiqarish 8 mln tonnaga yetkaziladi. Shundan 900 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan olinadi. „Sharg‘unko‘mir“ aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna ko‘mirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi. Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi to‘rtta maydonda geologiya ishlari olib borilmoqda va kelgusi yilda qazib chiqarishga yo‘naltiriladi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, 2025-yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarning bir qismi ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilmoqda.

Atrof-muhitga ta’siri

Yanvar oyida Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo ifloslanishining asosiy omillaridan biri sifatida IESlarda ko‘mir va mazutdan foydalanish kabilarni sanagandi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 mln tonnaga yetgan, deyiladi bayonotda.

“Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda”, — deya qayd etdi vazirlik. Ta’kidlanishicha, 10 tonna ko‘mir yoqilganda atmosferaga 220 kg kuyik, 360 kg oltingugurt oksidi II, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot oksidi II va 2 tonna kul chiqadi.

Vazirlik Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov yaqinda bergan intervyusida issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga ommaviy ravishda o‘tkazish Parij iqlim kelishuviga zid ekanini aytgan. “Mayli, gaz yo‘q, boshqa chora yo‘q, lekin avval narxidan qat’i nazar, filtrlar o‘rnatish, ularni tekshirish, keyin ko‘mirga o‘tish kerak edi”, — dedi mutaxassis.