G‘azo sektorida Falastinning HAMAS guruhi tashabbusi bilan 7-oktabr kuni havo, dengiz va quruqlikdagi operatsiyalarni o‘z ichiga olgan kutilmagan hujum boshlandi. Isroil bunga qarata qirg‘oq anklavini kuchli bombardimon qilish bilan javob qaytardi.

Al Jazeera nashrining mahalliy OAVga tayanib yozishicha, HAMAS mamlakatga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganidan so‘ng Isroil “urush holatida” ekanini ma’lum qilgan.

7-oktabr kuni G‘azo sektoridan raketalar uchirilayotganda osmonda tutun ko‘tarilmoqda. Foto: Reuters7-oktabr kuni G‘azo sektoridan raketalar uchirilayotganda osmonda tutun ko‘tarilmoqda. Foto: Reuters

G‘azo sektorini boshqarayotgan guruh minglab raketalar uchirgan. Shanba tongida bosqin boshlanganidan buyon HAMAS a’zolari otishmalarni davom ettirmoqda.

Times of Israel nashrining yozishicha, Isroilning janubi va markaziga raketa hujumi uyushtirilgan, bir necha o‘nlab jangchilar G‘azo sektori bilan chegaradosh Isroil aholi punktlariga kirib kelgan. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.

Hujum oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 700 dan ortiq odam yaralandi, deb yozadi nashr favqulodda xizmatlarga tayanib.

Politsiya xodimlari Ashkelon (Isroildagi shahar)da raketa tushgan joydan ayol va bolani evakuatsiya qilmoqda. Foto: Tsafrir AbayovPolitsiya xodimlari Ashkelon (Isroildagi shahar)da raketa tushgan joydan ayol va bolani evakuatsiya qilmoqda. Foto: Tsafrir Abayov

“Jangchilarning Isroil janubiga kirib kelishi HAMASning katta kuch bilan harakatlanayotganini ko‘rsatadi. Harbiylar G‘azo yaqinidagi yo‘llarni yopib qo‘ygani sababli shahar va qishloqlar bo‘shab qoldi. Isroil qutqaruv xizmati va G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqni qon topshirishga chaqirdi”, — deyiladi Al Jazeera xabarida.

“Biz buning katta narsa ekanini tushunamiz”, — deydi Isroil armiyasi vakili, podpolkovnik Richard Xet jurnalistlarga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiylari armiya zaxiralarini ham safarbar qilgan.

Isroilning G‘azodagi zarbalari ortidan binodan tutun ko‘tarildi. “Biz urushdamiz”, — dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu telemurojaat qilib. Foto: ReutersIsroilning G‘azodagi zarbalari ortidan binodan tutun ko‘tarildi. “Biz urushdamiz”, — dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu telemurojaat qilib. Foto: Reuters

Havo hujumi sirenalari janubiy va markaziy Isroil bo‘ylab chalinmoqda, armiya odamlarni bombapanohlarga yaqin turishga chaqirdi.

BBC`ning Falastin rasmiylariga tayanib yozishicha, Isroil havo hujumlarida 161 kishi halok bo‘lgan, 1000 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Dunyo bunga qanday munosabatda?

Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruh urush e’lon qilganini, uning armiyasi shanba kuni G‘azo yaqinidagi janglar ortida turganini tasdiqlaganini aytdi va bosh vazir Netanyaxu javob qaytarishga va’da berdi.

Belgiya

“Belgiya Isroil tinch aholisiga qarshi uyushtirilgan yirik raketa hujumlarini keskin qoralaydi. Zo‘ravonlik va terror faqat azob-uqubatlarni davom ettiradi va muloqot yo‘liga to‘sqinlik qiladi. Bizning fikru xayolimiz barcha jabrlanganlar bilan band. Vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz”, — deb yozdi tashqi ishlar vaziri Xoja Lahbib X (sobiq Twitter) tarmog‘ida.

Yevropa komissiyasi

“Men HAMAS tomonidan Isroilga qarshi uyushtirilgan hujumni, shubhasiz, qoralayman… Isroil bunday jirkanch hujumlardan o‘zini himoya qilishga haqli”, — deb yozdi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen X tarmog‘ida.

Misr

Misr Tashqi ishlar vazirligi davlat axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishi “og‘ir oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi.

Unda “maksimal darajada vazminlikni saqlash va tinch aholini qo‘shimcha xavfga duchor qilmaslik” talab qilingan.

Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shoukri ham Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat bo‘yicha mas’ul Josep Borrel bilan qo‘ng‘iroqlashib, voqealar rivojini muhokama qilib, jiddiy xavf-xatarlardan qochish uchun har ikki tomon ham vazminlik ko‘rsatishi kerakligini aytgan.

Fransiya

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroilga qarshi hujumlarni qoralab, buni “terrorchilik hujumi” deb atadi.

“Men hozirda Isroilga zarba berayotgan terror xurujlarini keskin qoralayman. Men qurbonlar, ularning oila a’zolari va yaqinlari bilan to‘liq birga ekanimni bildiraman”, — deb yozdi Makron X tarmog‘ida.

Fransiyaning Isroildagi elchixonasi shanba kuni hujumlarni “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan terrorchilik hujumlari” deb baholadi.

“Mamlakat voqealardan dahshatga tushdi. Bu terror xurujlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va ularni hamma qoralashi kerak. Biz Isroil va isroilliklar bilan yonma-yonmiz”, — deb yozadi Fransiya elchixonasi.

Germaniya

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Berlin “G‘azodan Isroilga qarshi uyushtirilgan terror hujumlarini qat’iy qoralaydi”, dedi.

Berbok, HAMASning “zo‘ravonlikning kuchayishiga hissa qo‘shayotganini” aytdi va “begunoh odamlarga qaratilgan zo‘ravonlik va raketalar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak” deya ta’kidladi.

Gretsiya

“Gretsiya bugun G‘azodan Isroilga qarshi boshlangan raketa hujumlarini keskin qoralaydi. Gretsiya Isroil bilan birga va zo‘ravonlikning qabul qilib bo‘lmaydigan kuchayishidan chuqur xavotirda”, — deb yozdi Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi X tarmog‘ida.

Eron

Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiyning maslahatchisi Eron falastinliklarning hujumini qo‘llab-quvvatlaganini aytdi, deb xabar berdi ISNA axborot sayti.

“Biz falastinlik jangchilarni tabriklaymiz. Falastin va Quddus ozod bo‘lgunga qadar falastinlik jangchilar bilan birgamiz”, — dedi maslahatchi Rahim Safaviy.

Italiya

Italiya “Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini” qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Hukumat “begunoh tinch aholiga qarshi amalga oshirilayotgan terror va zo‘ravonlikni keskin qoralashini” bildirdi.

Isroil

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakati “urush” holatida ekanini va ular “g‘alaba qozonishiga” ishonchi komilligini aytdi.

“Dushmanimiz uchun bu o‘zi bilmagan holda qimmatga tushadi”, — dedi Netanyaxu videobayonotda.

“Hizbulloh” guruhi

Livanning “Hizbulloh” qurolli guruhi G‘azodagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani va “Falastin qarshilik harakati rahbariyati bilan bevosita aloqada” ekani haqida bayonot berdi.

Isroilga raketa otgan G‘azo jangchilari bilan bog‘liq voqealardan so‘ng bayonotda bu harakatlar “Isroilning davom etayotgan ishg‘oliga hal qiluvchi javob va Isroil bilan yaqishlashishga intilayotganlarga mujda” ekani qo‘shimcha qilingan.

Falastin prezidenti Abbos

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Falastin xalqi “ko‘chmanchilar va ishg‘olchi qo‘shinlardan” o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini aytdi", — deya ma’lum qildi WAFA rasmiy axborot agentligi.

Polsha

“HAMASning Isroilga qarshi davom etayotgan hujumlarini keskin qoralayman. Bu asossiz tajovuz va zo‘ravonlik harakatlari, ayniqsa, tinch aholiga nisbatan qabul qilinishi mumkin emas”, — deb yozdi Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau X tarmog‘ida.

Qatar

Qatar Tashqi ishlar vazirligi bayonot berib, Falastin xalqi bilan davom etayotgan zo‘ravonliklarning kuchayishiga faqat Isroil mas’ul ekanini bildirdi.

Bayonotda har ikki tomon ham vazminlikka chaqirilgan va xalqaro hamjamiyatni Isroilni bu voqealardan G‘azodagi falastinlik tinch aholiga qarshi nomutanosib urush boshlash uchun bahona sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Rossiya

Rossiya Isroil-Falastin mojarosining kuchayishi munosabati bilan Isroil, Falastin va arab davlatlari bilan aloqada ekanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Interfaks” axborot agentligi TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Bogdanovga tayanib.

“O‘z-o‘zidan ma’lumki, biz doimo vazminlikka chaqiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Saudiya Arabistoni

Vazirlik Isroil va Falastin o‘rtasidagi “zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatish”ga chaqirdi, deya xabar beradi davlat axborot agentligi. “Biz bir qator Falastin guruhlari va Isroil ishg‘ol kuchlari o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni kuzatmoqdamiz, bu esa bir qator jabhalarda zo‘ravonliklarning yuqori darajasiga olib keldi”.

Ispaniya

Ispaniya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xose Manuel Albares hujumlarni qoralashini aytdi.

“Biz G‘azodan Isroilga qarshi sodir etilgan o‘ta jiddiy terror hujumlarini keskin qoralaymiz”, deydi u.

Turkiya

Turkiya prezidenti Erdog‘an isroilliklar va falastinliklarni vazminlik bilan harakat qilishga va vaziyatni yanada kuchaytiradigan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

“Biz barcha tomonlarni vazminlikka chaqiramiz”, — dedi u Anqarada o‘zining hukmron partiyasi kongressida.

Ukraina

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Isroilga qarshi “davom etayotgan terror hujumlarini” qoraladi.

“Ukraina Isroilga qarshi davom etayotgan terrorchilik hujumlarini, jumladan, Quddus va Tel-Avivdagi tinch aholiga raketa hujumlarini keskin qoralaydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya shanba kuni HAMASning Isroilga hujumini tanqid qildi, — dedi tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli.

“Buyuk Britaniya HAMASning Isroil tinch aholisiga qilgan dahshatli hujumlarini so‘zsiz qoralaydi. Buyuk Britaniya har doim Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi Kleverli ijtimoiy tarmoqdagi postida.